Biznes missiya bilan O'zbekistonda bo'lib turgan Polshaning Plantin qishloq xo'jaligi kompaniyasi vakillari bilan Jizzax viloyati hokimligida muzokaralar tashkil etildi.

Ularda O'zbekistonda rezavor mevali ekinlar – golubika, malina, smorodina, jimolost, shuningdek, findiq etishtirishga sarmoya kiritish masalalari muhokama qilindi. 

Delegatsiyaga rezavor ekinlarning maqbul navlarini tanlash va ularni keyinchalik mahalliylashtirish, sarmoyaviy shart-sharoitlarni yaratish uchun O'zbekiston hududining iqlim xaritasi taqdim etildi. Bundan tashqari, Polsha tomoniga laboratoriya tadqiqotlari uchun tanlangan tuproq va suv namunalari berildi.

Plantin qishloq xo'jaligi kompaniyasi asoschisi Tadeush Kusibab, shuningdek, agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, rezavor mevalarni qayta ishlash va sharbatlar, murabbo, sirop va ekstraktlar, muzlatilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga ham sarmoya kiritishga tayyor ekanini ta'kidladi.