Polshaning rasmiy, ekspert, ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 2 Dekabr 2022 997

    Uchrashuvda ishtirokchilarga “Yangi Oʻzbekistonni” rivojlantirish strategiyasining mazmun-mohiyati, konstitutsiyaviy islohot, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida maʼlumot berildi. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, Oʻzbekiston bilan Polsha oʻrtasidagi savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishning salohiyatli yoʻnalishlari haqida soʻz yuritildi.

    Polsha ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va tashqi siyosatdagi tub ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholadi.

    “Polsha – Osiyo” Savdo-sanoat palatasi prezidenti Yanush Piyechochinskiy (Polsha bosh vazirining sobiq oʻrinbosari, iqtisodiyot vaziri) soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotganini taʼkidladi.

    – Barcha sohalarda, jumladan, iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.

    Oʻzbekiston va Polsha Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning asosiy davlatlari hisoblanadi. Ular Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida “koʻprik” rolini oʻynashi mumkin.

    Bugungi kunda Polsha iqtisodiyot boʻyicha Yevropada 6-oʻrinda, dunyoda 22-oʻrinda. Polsha Oʻzbekistondagi taraqqiyot, mamlakat rahbariyati tomonidan xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarni katta qiziqish bilan kuzatyapti.

    Shuningdek, biz Polshada mehnat migratsiyasi sohasida (Polsha bozorida 5-6-oʻrinlarda) Oʻzbekiston fuqarolari sonining (taxminan 20 ming) ortib borayotganini koʻryapmiz”, — dedi u.

    Oʻzbekistonning Poznan shahridagi faxriy konsuli, Varshava boshqaruv universiteti rektori Pavel Charnetskiy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi darajasini yuqori baholadi.

    – Bugun Oʻzbekiston butun dunyoga ulkan salohiyatni namoyish etyapti. Universitetimiz Osiyoda, yaʼni Andijonda oʻz filialini ochgan birinchi Polsha universitetidir. Biz uchinchi yildirki muvaffaqiyatli ishlayapmiz va oʻzbek yoshlarining Yevropa taʼlim tizimiga qiziqishini koʻrib turibmiz. Biz inson kapitali va taʼlimga sarmoya kiritganimizdan faxrlanamiz. Oʻzbekiston yoshlar savodxonligining yuqori darajasini koʻrsatayotgani mamlakat ertangi kun muvaffaqiyatining kafolatidir, – dedi P.Charnetskiy.

    Polsha ayollari ligasi boshqaruvi raisi Aldona Mixalyak Oʻzbekistonda gender tengligini taʼminlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qiziqish bildirdi.

    –Oʻzbekiston yoshlari mamlakat taraqqiyoti yoʻlidagi hayotiy jarayonlarda faol ishtirok etayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Oʻrta va yuqori lavozimlarga asosan erkin, ijodiy fikrlaydigan yoshlar jalb etilgan.

    Xotin-qizlar tashkilotlarimiz faol hamkorlik qilyapti, madaniyat va taʼlim sohalarida gender loyihalari ustida hamkorlikda ishlayapmiz. Xalq diplomatiyasi mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun mustahkam koʻprikdir”.

    Polsha Savdo-sanoat palatasi Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Yeji Drojd iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Polsha HAK 7-yigʻilishida (2021-yil 14-aprel) erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish zarurligini maʼlum qildi. Xususan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari Oʻzbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalasi ustida ishlayapti. Uning soʻzlariga koʻra, bunday mexanizmlar Polsha uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan qator davlatlar bilan allaqachon ishga tushirilgan va ular katta samara beryapti.

    Y.Drojd Polsha tomonining 2023-yil may oyida boʻlib oʻtadigan iqtisodiy hamkorlik boʻyicha HAK 8-yigʻilishida imzolash uchun investitsiya shartnomalari va eksport shartnomalarining mustahkam toʻplamini tayyorlashdan manfaatdorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida Polsha ishbilarmon va ilmiy doiralarining bir qator faol vakillari, ekspert va jurnalistlar Oʻzbekiston-Polsha hamkorligini rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining diplomlari bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.