Polvonlarimiz jahon chempionatida birinchi o'rinni qo'lga kiritdi

    12-15-oktyabr kunlari Qozog'iston poytaxti Ostona shahrida belbog'li kurash bo'yicha 2002-2004-yillarda tug'ilgan o'g'il-qizlar o'rtasida navbatdagi jahon chempionati bo'lib o'tdi.

    Yigirmaga yaqin davlatdan kelgan sportchilar o'rtasidagi mazkur jahon chempionati bellashuvlarida tajribali murabbiy Elmurod Abdullayev boshchiligidagi terma jamoamiz ham ishtirok etib, 5 oltin, 1 kumush va 6 bronza medalni qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli birinchi o'rinni egalladi.

    Ikkinchi o'rinni 4 oltin medal bilan Rossiya terma jamoasi egallagan bo'lsa, 3 oltin medalga ega chiqqan mezbonlar uchinchi o'rinni band etdi.

    Quyida g'olib va sovrindor polvonlarimiz bilan tanishing:

    Azizjon Azimjonov (Farg'ona), Nusratbek Sultonboyev (Andijon), Ilyos Ahmadov (Sirdaryo), Oybekjon Muhammadov (Farg'ona), Zeboxon Nosirova (Namangan) oltin medalni qo'lga kiritdi.

    Muhammad Vahobov (Toshkent vil.) kumush, Farangiz Abdunabieva (Sirdaryo), Hasan Azimov (Toshkent vil.), Navro'zbek Mahamadaliev (Namangan), Fayozbek Abdug'afforov (Farg'ona), Umidjon Jalilov (Farg'ona), Asadbek Ma'rufov (Farg'ona) bronza medaliga sazovor bo'ldi.

    Ilhom Rahmonov