Pop muruvvat uyida nogironligi bor erkaklar uchun sharoitlar qanday?

    Ijtimoiy hayot 3 Dekabr 2022 2059

    Agar yoʻlingiz tushib, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga borsangiz, u yerda yashayotgan kishilar bilan suhbatlashgach, hayot haqidagi qarashlaringiz, tasavvurlaringiz butkul oʻzgaradi.

    Toʻgʻrisi, erkak zoti kuchli, himoyachi, oila qoʻrgʻonining ustuni sifatida yaratilgan. Ammo taqdirning turfa sinov va zarbalari tufayli ularning oʻzlari yordamga muhtojlik sezsachi? Bemorlar ruhan va jismonan boshqalarning qoʻllab-quvvatlashiga ehtiyojmand boʻlsa, atrofdagi sogʻlom fikrli odamlar doimo koʻmakka shay turishlari shart va zarur. Chunki bu sizu bizning insoniy burchimizdir.

    Namangan viloyati, Pop tumanining Margʻizor qishlogʻida joylashgan “Muruvvat uyi” 1960-yilda tashkil etilgan boʻlib, 1988-yilda yangi binoga koʻchirilgan edi. Ushbu “Muruvvat uyi”da ayni paytda 320 nafar ruhiy xasta nogiron erkak istiqomat qiladi. Ularning yashashi va dam olishi uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Aqliy jihatdan imkoniyati cheklangan fuqarolar mavsumga moslab toʻliq kiyim-bosh, issiq ovqat bilan taʼminlanmoqda. Shuningdek, mazkur maskanda obodonlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Muassasa binosi atrofida yashnab turgan turfa gullar bahri dilingizni ochadi.

    Shu oʻrinda nogironlikni keltirib chiqaruvchi sabablar xususida qisqacha toʻxtalib oʻtish joiz. Yaʼni ota-onaning giyohvand moddalar isteʼmol qilishi, ichkilikbozlik, kashandalik, anemiya (kamqonlik) va avitaminoz (vitaminlar tanqisligi) bilan homilador ayolning ogʻrishi, jinsiy yoʻllar bilan yuquvchi turli infeksiyalar oqibati hamda yaqin qarindosh-urugʻlarning oila qurishi, voyaga yetmagan yoshlarning farzand koʻrishi, irsiy xastaliklar, ota-onaning turli kimyoviy moddalar bilan zaharlanishi hamda onaning homiladorlik davrida turli yuqumli kasalliklar asoratini boshidan kechirishi va hokazo.

    “Muruvvat uyi”dan qoʻnim topgan bemorlar yilda ikki marta chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik (dispanserizatsiya)dan oʻtkaziladi, aniqlangan kasalliklar boʻyicha sogʻlomlashtiriladi. “Muruvvat uyi”da nogironlarga jami 243 nafar ishchi-xodim, shulardan 9 nafar shifokor, 48 nafar oʻrta tibbiyot xodimi, 127 nafar kichik tibbiyot xodimi sidqidildan, begʻaraz xizmat koʻrsatishmoqda.

    – Hayot imtihonida sinalayotgan insonlarga zimdan boqib, oʻzimizga ato etilgan neʼmatlarga hamisha shukur qilamiz, – deydi Pop “Muruvvat” nogironligi boʻlganlarga moʻljallangan erkaklar internat uyi direktori, “Doʻstlik” ordeni sohibasi Mohinisa Maripova. – Nogironligi bor shaxslar uchun barcha qulayliklarga ega 6 ta yotoq boʻlimi, davolash boʻlimi, sport maydonchasi va zamonaviy sport zali, 200 oʻrinli yozgi va qishki oshxona, hammom, kir yuvish xonasi muntazam ishlab turibdi. Vasiylikka olinganlarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun har oyda bir marta tuman madaniyat saroyi sanʼatkorlari tomonidan koʻngilochar kechalar uyushtiriladi.

    Nogironlar oʻrtasida xastaliklarga chalinishning oldini olish, sogʻlomlashtirish maqsadida Pop tumani tibbiyot birlashmasining malakali tor doiradagi mutaxassislari ishtirokida yilda ikki marta dispanser koʻrigidan, bir marotaba Namangan viloyat silga qarshi kurashish dispanseri mutaxassislari tomonidan koʻchma raqamli flyuorografiya apparati orqali barcha nogironlar toʻliq flyuorografik tekshiruvdan oʻtkaziladi. Vasiylikdagilarning barchasiga bahor va kuz oylarida rejali ravishda umumiy quvvatlantiruvchi, anemiyaning oldini oluvchi, gelmintozga qarshi davo muolajalari olib borilmoqda.

    Oʻzbekiston Prezidentining “Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, «Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi» 2021-yil 25-martdagi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida muassasada bir qator ishlar amalga oshirildi. Kutubxona ochilib jihozlandi, 2 dona kompyuter bilan taʼminlandi, homiylik mablagʻlari hisobidan 210 dona 3100.0 soʻmlik adabiy va badiiy kitoblar bilan boyitildi. Muassasa shahar markazidan uzoqda joylashganligi bois internet tarmogʻiga ulanmagan edi. Hozirda shisha tolali kabel tortilib, internet tarmogʻi ishga tushirildi.

    Yana bir muhim jihatlaridan biri davlatimiz rahbarligida 2021-yilning 6-mart kunida “Saxovat” va “Muruvvat” uylari faoliyatini tubdan takomillashtirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, muassasaga viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Prezident sovgʻasi sifatida “Damas” avtomashinasi va ISUZU avtobusini taqdim etdi.

    - Maskanimizda ovqatlanish xizmatini autsorsing xizmatiga oʻtkazish tanloviga asosan “Mukammal Muruvvat Lux” MCHJ gʻolib deb topilgandi va bir yil mobaynida samarali faoliyat olib bormoqda. Taomlari mazali va quvvatbaxsh, - deydi “Muruvvat uyi” direktori oʻrinbosari Furqat Mamajonov. - Yordamchi xoʻjaligimizda chorvachilik yoʻlga qoʻyilgan. Qolaversa, muassasa hududida 30 sotix maydonda 22 tup limon koʻchati parvarishlanmoqda. Yaqinda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Pop tuman boʻlimi hamda maktablarning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilari tashabbusi bilan «Madaniyatchilar bogʻi» tashkil etildi va 150 tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

    Xalqimizda “Yaxshilik qil, daryoga sol, baliq biladi. Baliq bilmasa, Xoliq biladi”, degan maqol bor. “Muruvvat uyi”da faoliyat yuritayotganlar bu maqol zamirida ulkan maʼno yashiringanini dildan his etishadi. Xulosa qilib aytganda, Popdagi nogironligi boʻlgan erkaklar “Muruvvat uyi” bugun ana shunday savobli, beminnat makonga aylangan.

    Orifjon JOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.