Aslida, eri yomon bo'l deb tanbeh bermasdi. Ayolning o'zi bildirishicha, diniy ilm olishga, hijob o'rashga undar, ro'zg'or tashvishi, tirikchilik sababidanmi, qo'shni yurtga birga ishlashga ketishini ta'kidlardi.
2022-yil 12-avgust oqshomi. Namangan viloyati Pop tumanining “Istiqbol” mahallasidagi ko'p qavatli uylarning biri. O'sha kungi janjal ham shundan boshlandi. Ayol erining talabiga unamadi. Er esa o'z hukmini o'tkazishini qo'ymadi. Nima uchun qo'shnining uyiga chiqqanini so'ragan er gapga ko'navermagan xotiniga “Ostona hatlab ko'chaga chiqmaysan, yo'qsa, o'ldiraman”, deb yostiq ostidagi pichoqni ko'rsatib, o'dag'ayladi. Shu tobda bu pichoq o'zining qoniga bo'yalib, hayotiga ayanchli xotima yasashini bilmasdi.
Ayolning sudda bayon etishicha, birozdan so'ng uxlab qoladi, birdaniga eri bo'ynidan qattiq bo'g'ib, oyog'ini ko'kragiga bosib, arab tilini o'rganishini, hijobga kirishini talab qiladi. Shartlariga rozi bo'lgach, uni qo'yib yuborib, o'zi uxlab qoladi. Erining tazyiqi va undovidan g'azablangan ayol uning qotib uxlashini kutadi. Biror soatlar o'tgach, yostiq ostidagi pichoqni olib, ikki bor chap biqiniga sanchadi.
Og'riqdan uyg'ongan er bir yostiqqa bosh qo'ygan xotinidan bunday razillikni kutmagani bois, unga qarshilik qilmadi, dod solib baqirmadi ham. Darhol o'rnidan turib, eshik tomon yurdi. Biroq muvozanatni yo'qotdi, devorga suyanib, polga o'tirib qoldi va unga qarab kulib, “Mendan rozi bo'lasanmi?” dedi-yu, gursillab yiqildi. Eri xirillab nafas olardi. Shunda ham yuragi seskanmagan ayol “joni chiqishga qiynalyapti” degan o'yda o'z eri, qachonlardir umid bilan bir yostiqqa bosh qo'ygan, hozir esa jon talvasasida yotgan umr yo'ldoshining ko'kragiga yana zarb bilan pichoq urdi. So'nib borayotgan ko'zlari hamon ochiq er xotiniga qarab hazin kuldi.
Qo'li qonga botgan ojiza ayni lahzada vahshiyga aylanib, butkul razolatga botgan, inson qiyofasini unutganidan nigohlarida zarracha rahm-shafqatdan asar ham qolmagandi. Aksincha, qarshisidagi erining kulganidan battar jahllanib, pichoq bilan bo'ynini shartta uzib tashladi...
Tun pardasini battar zulmat, zimistonlik qopladi. Butun borliq tinch va osuda tin olayotgan paytda er o'z ayoli razilligidan jon taslim qildi. Xo'jayinining nafasi tinib, issiq tanasi soviganida ham to'xtamadi. G'isht bo'lagi bilan urib, jasadning 4 dona tilla tishini sindirib oldi. Keyin xayoliga kelgan dastlabki o'y murdani izsiz yo'qotish bo'ldi. Uni ko'tarib, sudrab olib chiqmoqchi bo'ldi, uddalolmadi, oyoqlarini bukmoqchi edi, bukilmadi. Avval ikki oyog'ini sonidan, so'ng chap qo'lini yelkasidan kesib tashladi. Murdani o'rab, boshga qop kiydirib, yana odeyal va palosga o'radi...
Tongda mashina axtardi va tezda topdi. Burdalangan murdani sandiqqa joylab, birov bilmasligi uchun ustiga yangi narsalarni solib berkitib, ko'chaga sudrab chiqadi. Qo'shnisi yuklashga yordamlashadi. Atrofga razm solib ketayotgan ayol sandiqni tashlab yuborishga qulay, kimsasiz hududga yetganda haydovchidan shu yerda to'xtatishini, boshqa transport chaqirib, manziliga yetib olishini aytadi. Sandiqni kanalga tashlab, marhum erining og'zidan qoqib tushirgan tilla tishlarni 1.400.000 so'mga sotgan manfur ayol jasad solingan sandiq suvda oqib va cho'kib, qotillik izsiz yo'qoldi, deb o'ylagan edi. Yo'q, yashirishga uringan manfurligi baribir fosh bo'ldi. O'z umr yo'ldoshi qotiliga aylangan ayol sud hukmi bilan 13 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortildi.
Shuhratjon QURBONOV,
Namangan viloyat sudi sudyasi