Joriy yilning yanvar oyi boshida ish boshlagan ishchi guruh tekshiruvlari natijasida muassasa mansabdor shaxslarining oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashi davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgani maʼlum boʻldi. Jumladan, xoʻjalik yerlarini ijaraga olgan besh nafar tadbirkor hech qanday ruxsatsiz oʻzboshimchalik bilan bino va inshootlar qurib, yerning ixtisoslashuvini oʻzgartirib yuborgan. Shuningdek, 460 nafar ijarachidan ijara pullari oʻz vaqtida undirilmagani oqibatida davlat xazinasiga 1 milliard 480 million soʻm mablagʻ tushmay qolgan.

Vaziyat faqat yerlardan notoʻgʻri foydalanish bilan cheklanib qolmagan. Oʻrmon xoʻjaligi masʼullari ayrim ijarachilar bilan til biriktirib, soʻnggi uch yil ichida 5356 metr kub noruda materiallarni noqonuniy qazib olishgan va bu orqali davlatga 1 milliard 322 million soʻmlik zarar yetkazishgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan xoʻjalik mutasaddilari va boshqa aloqador shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari, xususan, sovuqqonlik va oʻzboshimchalik bilan bogʻliq bandlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda ochiqdan-ochiq poraxoʻrlik holatlari fosh etildi. Oʻrmon xoʻjaligining boʻlim oʻrmonbegisi zaxiradagi 20 sotix yerni turar-joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda qoʻlga olindi. Ushbu jinoiy zanjir davomida Davlat kadastrlar palatasi Pop tuman filiali mutaxassisi ham 500 dollar pora bilan ushlangan.

Shuningdek, oʻrmon xoʻjaligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs ham tadbirkorga 50 sotix yerni ijaraga berish evaziga 10 ming dollar talab qilib, pulning yarmini olayotganda qoʻlga tushdi. Achinarlisi shundaki, ushbu mansabdor shaxs muqaddam bir necha bor sudlangan boʻlishiga qaramay, oʻz faoliyatida yana jinoyatga qoʻl urgan. Hozirda barcha gumonlanuvchilarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.