Pora bilan qoʻlga tushgan sobiq sudya 10,5 yilga qamaldi

    30 ming dollar miqdordagi pullarni olgan vaqtda qoʻlga tushgan Xonobod shahar sobiq sudyasi 10,5-yilga qamaldi.

    Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar qildi.

    Obidovning bergan maʼlumotiga koʻra, uning muqaddam boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini kamaytirishni vaʼda qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming dollar miqdordagi pullarni olgan vaqtda qoʻlga tushgandi.

    Ushbu shaxs joriy yilning 17-oktyabr kuni eʼlon qilingan hukmga koʻra, Jinoyat kodeksning 25 (jinoyatga tayyorgarlik koʻrish),168-moddasi 4-qismi “a” bandi (mansabdor shaxsning xizmat mavqeyidan foydalanib jinoyat sodir etishi) va 25,211-moddasi 3-qismi “a” bandida (korrupsiya) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

    Unga nisbatan 2,5-yil davomida mansab lavozimlarida, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 10,5-yil muddatga qamoq jazosi tayinlandi.