Pora olayotgan soliqchilar qo'lga olindi

    Xavfsizlik 7 Iyun 2024 696

    Qarshi, G'ijduvon, Yakkasaroy, Yuqori Chirchiq tumanlarida qo'lga olingan mazkur mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    ⁃ Qarshi tuman soliq inspektsiyasining sayyor soliq tekshiruvlari sho''basi bosh inspektori mahalliy 5 ta MCHj faoliyati yuzasidan joriy yilning sentyabr` oyiga qadar kameral soliq tekshiruvlari o'tkazmaslik evaziga 2300 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.


    Shuningdek, u ushbu pul mablag'ini viloyat soliq boshqarmasining kameral soliq tekshiruvlari sho''basi bosh inspektoriga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur mansabdor shaxs ham 2300 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.


    ⁃ Buxoro viloyati G'ijduvon tuman soliq inspektsiyasi katta inspektori o'z xizmat mavqeidan foydalanib, tuman markazidagi “Ho'jai jahon” savdo kompleksi hududida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorni joriy yilning oxiriga qadar aylanma soliq to'lovchisi toifasidan, har oyda 2 mln. 424 ming so'm to'laydigan qat'iy turdagi soliq to'lovchisi toifasiga o'tkazmaslik, kelgusida soliq idoralari tomonidan bo'ladigan tekshiruvlardan himoya etish hamda uning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 8 mln so'm olgan vaqtida ushlandi.


    ⁃ Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida 6 oy mobaynida soliq tekshiruvlari o'tkazmaslik, aksincha, uning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 600 AQSh dollari olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspektsiyasining bosh inspektori ashyoviy dalillar bilan ushlandi.


    Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga tuman soliq inspektsiyasining sho''ba boshlig'ining aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.


    ⁃ Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi MCHj faoliyati bo'yicha o'tkazilgan soliq auditi tekshiruvi natijasida aniqlangan 267 mln 300 ming so'm qo'shilgan qiymat solig'i va 664 mln. 700 ming so'm sof foyda solig'ini mansabdor tanishlari orqali kamaytirib berish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspektsiyasining kameral nazorat sho''basining sobiq boshlig'i ushlandi.


    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.