Maʼlum boʻlishicha, qurilishi tugallanmagan 9 qavatli binoning 3-qavatidagi xonadonda gaz sizib chiqishi natijasida portlash vujudga kelgan. Gazni ulash talab-qoidalariga rioya etilmaganligi hamda ehtiyotsizlik shunday oqibatlarga olib kelgan. Qurilishga “White Group Trading” MCHJ masʼul boʻlgan.
Favqulodda holat yuzaga kelganda koʻp qavatli uyda boʻlgan 3 nafar, portlash jarayonida yoʻldan transport vositalarida yoʻlovchi sifatida ketayotgan 9 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olishgan. Ular zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelingan.
Portlashdan jabrlangan 12 nafar bemordan 5 nafari filialning neyroreanimatsiya boʻlimiga “Miyaning yopiq shikastlanishi va miya chayqalishi” tashxisi bilan yotqizildi. Ahvoli oʻrta ogʻirlikda. 2 nafar bemor umumiy reanimatsiya boʻlimiga joylashtirilgan. Ularning bir nafarining yuz va qoʻllarida 35 foiz kuyish aniqlangan, ahvoli nisbatan ogʻirroq. Ikkinchi bemorda koʻkrak qafasining yopiq shikastlanishi kuzatilgan, uning ahvoli qoniqarli.
Qolgan besh nafar bemorga ambulator yordam koʻrsatildi. Ularda situatsion nevroz (qattiq qoʻrqish) tashxisi qoʻyilgan boʻlib, zarur muolajalar amalga oshirilgach, uylariga javob berilgan.
Bugun neyroreanimatsiya boʻlimidagi bemorlardan biriga ahvoli yaxshilanganligi uchun javob berilgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.