Poytaxt aholisiga etkaziladigan ichimlik suv necha bosqichda tozalanadi?

    Avvallari laboratoriyada atigi 10 ga yaqin tahlillar o'tkazilgan.

    Toshkent shahri aholisini ichimlik suv bilan ta'minlovchi 7 ta suv inshooti mavjud. SHulardan biri va eng qadimiysi “Bo'zsuv” bosh suv inshooti hisoblanadi.

    “Bo'zsuv” bosh suv inshootidagi suvning atigi 7 foizi aholiga ichimlik suv sifatida yo'naltiriladi. Yo'naltirilganda ham 3 bosqichlik tozalash jarayonlaridan o'tkazilib, so'ng aholi iste'moliga etkaziladi.

    — Birinchi bosqichda Bo'zsuv kanalidan kirib keladigan suv (kamera reaktsiyasi orqali) sul`fat alyuminiy ishkoriga to'yintirilib, 2 ta 90 000 kubga ega bo'lgan sun'iy tindirgichlarga kiritiladi, — deydi “Bo'zsuv” bosh suv inshooti boshlig'i Javlon Yunusov. — Keyingi bosqichlarda nasos agregatlari orqali tozalash uchun sizotlash bo'limiga o'tkaziladi va ikki bosqichda suv gipoxlorid yordamida zararsizlantiriladi. Sizotlash maydoni 18 ta sizotlagichdan iborat bo'lib, 1 soatda 13 000 kub suvni sizotlash quvvatiga ega. Toza ichimlik suv jamlagichlar, ya'ni rezervuarlar soni esa 4 ta. O'tgan yili inshootning fil`trlash va kimyo bakteriologiya binolari to'liq ta'mirlanib, zaruriy jihozlar bilan ta'minlandi. Avvallari laboratoriyamizda atigi 10 ga yaqin tahlillar o'tkazilgan. Hozir suv tarkibi jahon standartlariga mos 25 dan ziyod tahlildan o'tkaziladi.

    Toshkent shahrida suv ta'minoti sifatini yaxshilash maqsadida qator xalqaro loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Ayni kunda “K-WATER” kompaniyasi Toshkent shahrining Mirobod tumani ichimlik suv tarmoqlarining bir qismini avtomatlashtirish, dispetcherlik va modernizatsiyalashni o'z ichiga olgan pilot grant loyihasini amalga oshirmoqda. 2022 yilda namuna loyihasi asosida Markaz-7 hamda Mirobod tumanidagi Qo'yliq massividagi jismoniy va yuridik shaxslarga jami 2714 dona smart suv hisoblagichlari o'rnatiladi.

    Press tur ishtirokchilari Chilonzor suv taqsimoti boshqarmasida tashkil etilgan zamonaviy dispetcherlik markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri