Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytida eʼlon qilingan hujjatga koʻra, bozorlar va savdo majmualarda reklama roliklari, kliplar yoki boshqa har qanday kommersiya kontentini tayyorlash maqsadida foto va video suratga olish uchun toʻlov joriy etildi.
Yangi tarifga muvofiq, suratga olish xizmatlari soatiga 5 million soʻm etib belgilandi. Bu talab faqat reklama va tijorat maqsadida amal qiladi.
Xorijiy sayyohlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun istisno belgilangan — ularga mazkur talab tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, yangilangan tariflarda inventarni ijaraga olish, xizmatlar va avtoturargoh uchun toʻlov stavkalari ham oʻz aksini topgan.
Yangi tartib 18-noyabrdan kuchga kirdi.









