Unga koʻra, Toshkent shahrida milliylikni keng targʻib qilish boʻyicha ishchi guruh tuziladi va ushbu maqsadlarga xizmat qiladigan “Milliy Toshkent“ loyihasi ishlab chiqiladi.

Ishchi guruhining asosiy vazifalari quyidagilar:

— milliy liboslar va milliylikni ommalashtirishga oid targʻibot materiallarini ishlab chiqish;
— korxona, muassasa va tashkilotlar hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikni tashkil etish;
— ommaviy tadbirlar davrida milliy liboslar va milliylikning mavqeyini mustahkamlanishini taʼminlash;
— milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash;
— mavzuga oid oʻquv-seminarlari, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
— qarorning bajarilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirish.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimining oʻrinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar hamda tuman hokimliklari mazkur qarordan kelib chiqqan holda milliy liboslarda yurishni, milliylikni targʻib qilishni va milliy madaniyatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish choralarini koʻradi.

Bundan tashqari, davlat tashkilotlarida haftaning har juma kuni “Milliy liboslar kuni“ deb belgilanadi. Shahar miqyosida oʻtkaziladigan barcha ommaviy tadbirlar (bayramlar, festivallar, koʻrgazmalar, sport musobaqalari, konsertlar va boshqalar) milliy uslubda bezatilishini hamda ishtirokchilarning milliy liboslarda boʻlishini taʼminlash choralari koʻriladi. Ommaviy tadbirlarda eng yaxshi milliy liboslar namoyishi, milliy oʻyinlar, milliy raqs va qoʻshiqlar tanlovlari oʻtkazilib, gʻoliblarga sovgʻalar hamda diplomlar berib borilishi tashkil etiladi.

Jamoat transportlari, metro vagonlari va bekatlarda “Milliy libos barchaga yarashadi“ shiori ostida milliylikni targʻib qiluvchi foto va videomateriallar joylashtirilishi koʻzda tutilgan.

Milliy qadriyatlar va milliy liboslar mavzusida turli tanlovlar, viktorinalar, oʻyinlar hamda boshqa tadbirlar tashkil etilishi hamda ushbu koʻrik-tanlov va “chellendj“lar oʻtkazilib, unda faol ishtirok etganlar hokimlik tomonidan munosib ragʻbatlantirilishi rejalashtirilgan.