баннер
21 Mar 2025
14:55

    Poytaxtda belgilanmagan joyga chiqindi tashlayotganlarga nisbatan reydlar oʻtkazilmoqda

    Toshkent shahar hokimligi aholiga ogohlantirish bilan chiqib, poytaxtda tozalikni saqlash uchun qatʼiy choralar koʻrilayotganini maʼlum qildi.

    Xabarga koʻra, huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi ommaviy reydlar oʻtkazilmoqda. Ularga nisbatan amaldagi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunlarga muvofiq jazo choralari qoʻllaniladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy, qurilish yoki suyuq chiqindilarni tashlash quyidagi jarimalarga olib keladi:

    • Fuqarolar uchun: Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravaridan 3 baravarigacha, yaʼni 340 000 soʻmdan 1 020 000 soʻmgacha.
    • Mansabdor shaxslar uchun: BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha, yaʼni 3 400 000 soʻmdan 6 800 000 soʻmgacha.

    Agar bunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilgandan soʻng bir yil ichida qayta sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 700 000 soʻmdan 3 400 000 soʻmgacha), mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha (6 800 000 soʻmdan 10 200 000 soʻmgacha) jarima solinadi.

    Shuningdek, maxsus poligonlarga qoʻyilishi kerak boʻlgan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima solishga sabab boʻladi.

    Maʼlumot uchun, 2023-yilda Oʻzbekistonda belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bogʻliq 17 000 dan ortiq huquqbuzarlik holatlari qayd etilgan boʻlib, ular uchun jami 7,6 milliard soʻm miqdorida maʼmuriy jarimalar qoʻllanilgan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech