Poytaxtda Kiberxavfsizlik laboratoriyasi ochildi

    Toshkent shahridagi Inha universitetida Kiberxavfsizlik laboratoriyasi oʻz ish faoliyatini boshladi. Uning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda universitet xodimlari va rahbariyati hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DUK direktori Olimjon Mirzayev ishtirok etdi.

    Mazkur laboratoriya negizida kiberxavfsizlik boʻyicha talabalarni oʻqitish va mutaxassislarni tayyorlash, kiberxavfsizlik boʻyicha bir qator amaliy mashgʻulotlar uyushtirish, laboratoriyada hamkorlarni jalb qilgan holda kurslar tashkil qilish (Kiberxavfsizlik markazi, Sababa security) kabi tashabbuslar amalga oshiriladi.

    Boʻlib oʻtgan tadbir davomida qatnashgan Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalov va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK direktori Olimjon Mirzayevlar oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari sifatida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, xususan, kiberxavfsizlik masalalari, universitet talabalari uchun talab qilinadigan koʻnikma va bilimlarni olish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, qoʻshma taʼlim tashabbuslarini tashkil etish hamda qator ustuvor vazifalar belgilab olindi.

    Tadbir doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi.

    Laboratoriyaning ochilishi “Kiberxavfsizlik markazi”ning mutaxassislari va TSHIU talabalarini jalb qilgan holda tashkil qilinib, unda kiberxavfsizlik va axborot xavfsizligi boʻyicha mahorat darslari ham oʻtib berildi.

    Toshkent shahridagi Inha universiteti matbuot xizmati