Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida Telegram orqali noqonuniy savdo faoliyatini tashkil etgan uch nafar shaxsning jinoiy harakatlariga barham berildi. Bu haqda poytaxt ichki ishlar organlari maʼlum qildi.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, Yunusobod tumani hududida yashovchi 28 yoshli A., 24 yoshli Sh. hamda T. ismli fuqarolar maxsus elektron platforma orqali taqiqlangan moddalar muomalasini yoʻlga qoʻygan. Ularni ushlash jarayonida bir nechta mobil qurilmalar, noutbuklar, bank kartalari, SIM-kartalar hamda moddiy dalil sifatida turli moddalar musodara qilingan.
Raqamli qurilmalar tahlili natijasida ayrim gumonlanuvchilar tomonidan elektron hamyonlar orqali oʻn minglab moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilgani aniqlanib, kriptoaktivlar aylanmasining umumiy qiymati millionlab dollarga teng ekani maʼlum boʻlgan.
Qoʻshimcha ravishda, tezkor-qidiruv ishlari doirasida gumonlanuvchilardan birining yashash joyi koʻzdan kechirilib, u yerdan katta miqdorda kuchli taʼsir koʻrsatuvchi dori vositalari topilgan.
Mazkur holatlar boʻyicha kriptoaktivlar aylanmasiga oid qonunchilikni buzish, jinoiy yoʻl bilan topilgan daromadlarni qonuniylashtirish hamda taqiqlangan moddalar muomalasi bilan bogʻliq jinoyat alomatlari asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi.