Poytaxtdagi elektr taʼminoti muammolari yuzasidan energetika vaziriga senator soʻrovi yuborildi

    Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sayyora Abdikarimova Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov nomiga senator soʻrovi yoʻlladi.

    Soʻnggi paytlarda Toshkent shahrida elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar koʻpaygani fuqarolarning kundalik turmushi, ijtimoiy soha obyektlari hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    "Aholi va tadbirkorlar tomonidan 3–4 soatlik elektr uzilishlari boʻyicha koʻplab shikoyatlar kelib tushmoqda. Ushbu holatlar natijasida ishlab chiqarish va savdo nuqtalarining sovutish tizimlari ishdan chiqmoqda, uylarda esa maishiy texnika vositalari yonib ketish holatlari kuzatilmoqda.
    Shuningdek, transport yoʻnalishlarida svetoforlarning ishlamasligi yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid solmoqda. Ijtimoiy infratuzilma obyektlari — maktab, bogʻcha, shifoxona kabi muassasalarda ham barqaror ish faoliyati izdan chiqmoqda", deyiladi soʻrovda.

    Shuningdek, senator ushbu uzilishlarning sabablari va ularni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan aniq tushuntirishlar berish soʻragan.

    Maʼlumot uchun, “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 39-moddasida isteʼmolchilar sifatli va uzluksiz elektr energiyasi olish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Shuningdek, 61-moddaga koʻra, taʼminotni toʻxtatish yoki cheklash faqat baxtsiz hodisalarning oldini olish yoki avariyalarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi mumkin.