Poytaxtga 440 nafardan ortiq elektrchi-hasharchilar jalb etildi

    Mamlakatimizda kuzatilayotgan anomal sovuq tufayli aholida energiya manbalariga boʻlgan talab keskin ortdi. Ayniqsa, poytaxtimizda tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlarida qator muammolar yuzaga keldi.

    Ushbu kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish, qish mavsumini betalofat oʻtkazish va aholini energiya manbalari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida maxsus ishchi guruh 24/7 rejimida faoliyat koʻrsatmoqda.

    Shuningdek, Toshkent shahriga respublikamizning turli viloyatlaridagi elektr tarmoqlari korxonalaridan 440 nafardan ortiq hasharchilar ham jalb etilib, yotoqxona va uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlanmoqda.

    Qayd etish joizki, shahrimizga kelgan hasharchilar anomal sovuqda muammolarni hal etishda sidqidildan qilayotgan mehnatlari taqsinga loyiq. Bugungi kungacha ishchi guruhlar tomonidan jami 25200 ta muammo bartaraf etildi.

    Noqulay ob-havo shoroiti keltirib chiqaryotgan qiyinchiliklarga qaramasdan tunni kunga ulab mehnat qilayotgan xodimlarga sektor rahbarlari tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkent shahar soliq boshqarmasi mutasaddilari Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarida hasharchilar bilan uchrashdi.

    Tadbir davomida masʼullar hasharchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib ularga fidoyi mehnatlari uchun poytaxt aholisi nomidan minnatdorchilik bildirishdi.

    Bundan tashqari, Mirzo Ulugʻbek tumaniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi elektr tarmoqlaridan yordamga kelgan 13 nafar va Yashnobod tumani ishchi guruhida faoliyat olib borayotgan 23 nafar qashqadaryolik xodimlarga Toshkent shahar soliq boshqarmasi tomonidan estalik sovgʻalari topshirildi.