Poytaxtimiz Misr Arab Respublikasi oʻrtasida hamkorlik kengayadi

    Xalqaro hamkorlik 20 Yanvar 2021 882

    Toshkent shahar hokimligida Misr Arab Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Bugun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev Misr Arab Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Amira Faxmi bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holatiga eʼtibor qaratilib, aloqalarni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

    Misr Arab Respublikasi elchisi Amira Faxmi poytaxt hokimiga yuksak eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, yurtimizdagi qurilish va bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yutuqlarga alohida toʻxtaldi.

    Toshkentda Misr madaniyati durdonalari, asriy urf-odatlarini koʻrgazmalar va madaniy tadbirlarni tashkil qilish oʻzaro turizmning rivojiga ham katta hissa qoʻshishi taʼkidlandi. Shuningdek Misr elchisi tibbiyot sohasidagi malakali mutaxassislar bilan Oʻzbekistonlik soha yetakchilari oʻrtasida tajriba almashish, Oʻzbekiston va Misr tarixi va madaniyatini oʻrganish boʻyicha ishlarni kengaytirishga qaratilgan qoʻshma madaniy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha taklif kiritdi.

    Oʻz navbatida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ham Toshkent va Qohira oʻrtasida aloqalar yana-da mustahkamlanishi kerakligini qayd etib, poytaxtlarda xalqaro turistik koʻrgazma-yarmarkalar tashkil qilish taklifini qoʻllab quvvatladi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.