Poytaxtimizda Oʻzbekiston-Qozogʻiston mintaqalararo biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Forumda Turkiston, Samarqand va Fargʻona shaharlari oʻrtasida havo aloqasini yoʻlga qoʻyish turistlar oqimini koʻpaytirish va ikki davlatda ziyorat turizmini rivojlantirishga turtki boʻlishi taʼkidlandi.

    Biznes-forumi yakunlari boʻyicha Samarqand va Turkiston shaharlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida shartnoma, qishloq xoʻjaligi sohasidagi konkret investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini koʻzda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq boʻlgan Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish rejalarini jamlagan kelishuvlarning mustahkam toʻplami imzolandi.

    Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi sobiq elchisi, Turkiston viloyati rahbari Darxan Satibaldi Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.

    — Oʻzaro hamkorlik tufayli Turkiston viloyati bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash 2022-yilning 10 oyida 366 million AQSH dollarini, jumladan eksport 172 million dollarni, import 194 million dollarni tashkil etdi. Taʼkidlash joizki, oʻtgan yilga nisbatan tovar ayirboshlash hajmi 30 foizdan koʻproqqa oshgan. Turkiston viloyatida Oʻzbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 40 ga yaqin kompaniya savdo, qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish, qurilish va boshqa sohalarda faoliyat yuritadi. Biz oʻzbek kompaniyalarining mintaqadagi ishtirokini yanada oshirishni maqsad qilganmiz, — dedi Darxon Sotibaldi.

    Darxon Satibaldi oʻzbek biznesmenlarini “Turkistan” maxsus iqtisodiy zonasi hududida biznes ochish imkoniyatini koʻrib chiqishga chaqirdi. Shuningdek, u Turkiston shahrida TURAN maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etilishini maʼlum qildi. Bu haqda Turkiy tilli davlatlar tashkilotining noyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan sammitida qaror qabul qilingan. Ushbu zonaning oʻziga xosligi — korxonalar faoliyati turlari boʻyicha umuman cheklovlar boʻlmaydi.