Maʼlumotlarga koʻra, bojxona organlari tomonidan joriy yilning 21-noyabr holatiga koʻra, oʻtkazilgan tezkor tadbirlar hamda bojxona nazorati jarayonida jami 77 ta holatda qiymati salkam 1 mlrd soʻmlik, miqdori 7 mln 390 ming donadan ortiq pirotexnika buyumlari ushlab qolingan.
Mazkur holatlar boʻyicha 5 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan boʻlsa, 53 ta holatda maʼmuriy ishlar yuritilgan.
Shu yili ushlab qolingan pirotxenika vositalari miqdori oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 barobarga oshgan.
Bojxona qoʻmitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda ilk bor va katta masshtabda pirotexnika buyumlarini yoʻq qilish tadbirini tashkil etdi.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Favqulodda vaziyatlar boʻlimining 20-yongʻin qutqaruv qismida boʻlib oʻtgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etishdi.
Tadbirda Bojxona, Ichki ishlar va Milliy gvardiya tomonidan oʻtkazilgan turli tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomaladan olib qoʻyilgan yirik miqdordagi yaʼni 4 mln 65 ming 562 dona pirotexnika buyumlari dastlab suvda boʻktirilib, yaroqsiz holatga keltirildi va maxsus handakka koʻmib yuborish yoʻli bilan yoʻq qilindi.
***
Shu yerning oʻzida jurnalistlar uchun matbuot anjumani ham tashkil qilindi. Unda Bojxona qoʻmitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi masʼullari ishtirok etishdi.
Bojxona qoʻmitasining Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi boshligʻi Akramjon Axlimirzayevning maʼlum qilishicha, yoʻq qilingan pirotexnika vositalarining salkam 88 foizi yaʼni 3 mln. 537 ming donasi soʻnggi bir yil davomida bevosita bojxona organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomaladan olib qoʻyilgan.
Masalan, 2023-yil 15-dekabr kuni Toshkent shaxar bojxona boshkarmasi Kontrabandaga karshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Sergeli tumanida avvaldan kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilagan tartibda va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan va muqaddam turli yoʻllar bilan respublikamizga olib kirilgan 12 turdagi 162 ming 153 dona salyutlar va petardalar saqlanayotgani aniqlangan.
Qarang-ki, ushbu holatni sodir etgan shaxs muqaddam ham aynan pirotexnikka buyumlari savdosi bilan bogʻliq jinoyatga qoʻl urib, sudlangan edi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tuman sudining 2024-yil 3-oktyabrdagi xukmiga koʻra, bu gal fuqaro Jinoyat kodeksining 1861-moddasi 2-qismi “a” bandi (tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) va 2501-moddasi 3-qismi “a” bandida (tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5-yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Yoʻq qilish jarayonida ushbu holatga tegishli 162 ming 153 dona salyutlar va petardalar ham yoʻq qilindi.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 10-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi xududiga pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 309-sonli qaroriga muvofik, Oʻzbekiston Respublikasi xududida pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.