Poytaxtimizda 400 ta yangi avtobus yoʻnalishlarga chiqarildi

    Bugundan boshlab Toshkent shahrida Xitoy Xalq Respublikasidan sotib olingan 1000 avtobus va elektrobuslardan 400 tasi yoʻnalishlarga chiqarildi.

    Maʼlumki, Prezidentimiz oʻtgan yilning 13-dekabr kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 18-avtobus saroyida boʻlgandi.

    Oʻshanda davlatimiz rahbari jamoat transporti tizimi faoliyati bilan tanishib, tarmoqni rivojlantirish boʻyicha bir qator topshiriqlar bergan edi.

    Soʻnggi yillarda koʻplab turar joylar qurilib, aholi soni oshishi, shahar hududi ham kengaygan. Poytaxtimizda kuniga 1 million 300 ming yoʻlovchi jamoat transportidan foydalanmoqda.

    Shu bilan birga, jamiyat tizimida avtobuslar yetishmasligi, borlarining ham koʻpi eskirgani tufayli yoʻnalishlarga rejaga nisbatan 90-100 ta avtobus kam chiqayotgani, bular — Toshkent shahrida jamoat transportiga boʻlgan talabni toʻliq qondirish uchun yana 1000 ta katta sigʻimli avtobus zaruratini yuzaga keltirgani taʼkidlangan edi.

    Shundan kelib chiqib, bugundan boshlab Toshkent shahrida Xitoy Xalq Respublikasidan sotib olingan 1000 avtobus va elektrobuslardan 400 tasi yoʻnalishlarga chiqarildi.