Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuygʻusi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi oʻtmishni, ajdodlar oʻgitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib tursa, qadr – insonni yuksaklikka koʻtaradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bagʻishlaydi.

Shu munosabat bilan Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok boʻlgan Oʻzbekistonning barcha oʻgʻlonlari xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan barcha kishilarning hurmatini joyiga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 2-martdagi Farmoniga muvofiq mamlakatimizda 9-may kuni – Xotira va qadrlash kuni deb eʼlon qilingan.

Prezidentimizning shu yil 29-apreldagi “9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori hamda mazkur qaror bilan ijroga kiritilgan dasturga muvofiq “Inson qadri ulugʻ — Xotira muqaddas”, “Mardlik va jasorat — hamisha barhayot” shiorlari ostida kompleks tadbirlar oʻtkazilmoqda. Jumladan:

🔹 moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida tegishli vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar hamda harbiy qism komandirlari tomonidan ushbu toifadagi shaxslarni qutlash uchun ularning yashash joyiga tashriflar, ular koʻrsatgan matonati, mardlik va jasoratning ahamiyatini targʻibot qilish boʻyicha madaniy — maʼrifiy va vatanparvarlik tadbirlar;

🔹 yolgʻiz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar-joyi va uy xoʻjaliklarini taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari;

🔹 Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat koʻrsatish, ularni parvarish qilish uchun patronaj xizmati tashkil qilindi.

Bugungi kundagi 236 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va nogironlariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida tegishli vazirlik, idora va boshqa tashkilot hamda harbiy qism va muassasa boshliqlari tomonidan ushbu toifadagi shaxslarni qutlash uchun ularning yashash joyiga tashriflarini uyushtirish boʻyicha alohida reja ishlab chiqildi.

Xabaringiz bor, Prezidentimizning shu yilning 29-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” Farmoniga muvofiq ularning har biriga 15 000 000 (oʻn besh million) soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti, “Yangi Oʻzbekiston” majmuasidagi “Mustaqillik monumenti”ning statuetkali qimmatbaho sovgʻa va mamlakatimiz Prezidenti tabrigi, shuningdek vazirlik va idoralar, hokimliklar tomonidan taʼsis etilgan sovgʻalar topshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa, Ichki ishlar, Madaniyat, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi tomonidan Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan:

“Shon-sharaf” davlat muzeyida 30dan ziyod nufuzli tashkilot va idoralar hamda chet-el tashkilotlari mutasaddi xodimlari, fan arboblari ishtirokida “Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaga Oʻzbekistonliklarning qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi;

frontdan kelgan maktublarni jamlagan “Askar maktublari” hamda tumanlar kesimida va alifbo shaklida nomlari bitilgan “Vatan fidoyilari” kitoblarining nishona nusxalari tayyorlandi. Mazkur kitoblar 10-may kunigacha chop etilishi rejalashtirilgan.

“Shon-sharaf” davlat muzeyida:

“Oʻchmas u kunlar shuhrati” mavzusida fotolavhalar hamda urush xotiralariga bagʻishlangan “Askar maktublari”, oʻzbek tilida chop etilgan “Front gazetalari” nomli koʻrgazmalar tashkil etildi;

“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida Ikkinchi jahon urushiga bitta oiladan ikki va undan ortiq safarbar etilgan farzandlarga bagʻishlangan “Vatan uchun jon fido qilganlar yodi mangu barhayot” nomli ekspozitsiya yaratildi.

Shuningdek, shu yilning 9-may kuni soat 21:00 da poytaxtimizda “9-may, Xotira va qadrlash kuni”ga bagʻishlangan bayram salyuti tashkil etiladi.