Sammit dasturidan xalqaro miqyosdagi ekspertlar hamda yirik kompaniya va tartibga soluvchi organlarning vakillari bilan davra suhbatlari, muhokamalar, shuningdek, distribyutor va dorixona tarmoqlari mutaxassislari bilan yakkama-yakka uchrashuvlar joy olgan.
Sammitda Yevroosiyo mintaqasining 13 ta davlati — Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, O‘zbekiston, Belarus, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Gruziya, Armaniston, Tojikiston, Turkmaniston, Moldova va Mo‘g‘uliston davlatlaridagi farmasevtika bozorlarining rivojlanish tendensiyalari muhokama kilinadi.
Ushbu tadbirni o‘tkazish uchun O‘zbekiston quyidagi sabablarga ko‘ra tanlandi: mintaqadagi boshqa davlatlar bilan ziddiyatlarning yo‘qligi, bozor hajmining o‘sishi va qulay geografik joylashuvi.
2021yildagi Sammitning aynan O‘zbekistonda tashkil qilinishi turli davlatlardan keng miqyosdagi ishtirokchilarni birlashtirish, ularning o‘rtasida samarali muloqot hamda tajriba almashish uchun ajoyib imkoniyatlar yaratish imkonini berdi. O‘tgan tadbirga o‘zbekistonlik qatnashchilardan tashqari Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Chexiya va boshqa mamlakatlarning farmasevtika kompaniyalaridan 200 dan ortiq vakillari yig‘ilgandi. Onlayn formatda qatnashgan ishtirokchilar bilan hisoblaganda 400dan ziyod farmasevtika sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan navbatdagi sammitda soha rahbarlari bugun o‘zlarini qiynayotgan dolzarb savollarga javob olishmoqda: qanday tartibga solish strategiyasi ishlab chiqarilayotgan dori vositalari portfelini kengaytirishni ta’minlaydi? Yevroosiyo mintaqasi davlatlarining davlat va tijorat segmentlarida savdo o‘sishini qanday ta’minlash mumkin? Yangi voqe’likda distribyutorlar va dorixona tarmoqlari bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligini qanday oshirish mumkin?
Ishtirokchilar strategik rivojlanish, dori vositalarini ro‘yxatga olish siyosatini ishlab chiqish, narx va etiketkalash, davlat xaridlarining o‘ziga xos xususiyatlari, tijorat segmentida ulgurji va chakana savdodagi o‘zgarishlar, dori vositalarini ilgari surishda yangi vositalardan foydalanish imkoniyatlari va boshqa masalalarni muhokama qiladilar.
Sammitda nazorat kiluvchi organlar, yetakchi xalkaro va mahalliy farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, distribyutorlar, dorixonalar tarmoqlari va farmasevtika sohasiga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarning 400 dan ortik vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Sohaga oid 100 dan ortiq ma’ruzalar kutilmoqda.
Sammit davomida tartibga solish, strategiya, sotish, marketing va ishlab chiqarish mavzulari bo‘yicha 20 dan ortiq sessiyalar bo‘lib o‘tadi.
Sammit gibrid, ya’ni oflayn va onlayn formatda o‘tkazilishi uning geografiyasining kengayishiga xizmat qiladi.
Forum doirasida mintaqaning 13 mamlakatidagi yetakchi farmasevtika ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, distribyutor va dorixona tarmoqlari nomidan ishtirok etgan Eurasian Pharma Awards tanlovi g‘oliblari taqdirlanadi.
II Yevroosiyo farmasevtika sammitini o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari yaqindan ishtirok etmoqda.