Poytaxtimizda “Lazzatli Oʻzbekiston” festivali boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 23 Sentabr 2024 674

    Poytaxtimizning “Navroʻz” bogʻida 20-22-sentyabr kunlari tashkil etilgan “Lazzatli Oʻzbekiston” xalqaro gastronomik festival yakunlandi.

    Festival Turizm qoʻmitasi, viloyat hokimliklari, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston oshpazlari uyushmasi va boshqalar koʻmagida oʻtkazildi.

    Festivalda gastronomik turizm, turizm turlarining ichidagi eng asosiy va yirik oʻziga xos turizm yoʻnalishlaridan biri hamda har bir turistik obyekt va marshrutning ajralmas qismi ekanligi eʼtirof etildi.

    Shuningdek, gastroturizm xalqlarning tarix va madaniyatini tushunishida muhim oʻringa ega ekanligi, bugungi kunda tashkil etilib kelinayotgan gastronomik koʻchalari hamda gastronomik turizm obyektlari xorijiy va mahalliy sayyohlar vaqtlarini maroqli oʻtkazishga yordam berayotganligi taʼkidlandi.

    Festival oʻzbek oshxonasini va milliy brend taomlarini jahon miqyosida targʻib qilishga xizmat qildi. U Oʻzbekistonning noyob pazandachilik anʼanalarini namoyish etdi, milliy oshxonaning boyligi va turliligini oshkor qildi, shuningdek, mamlakatni muhim gastronomik yoʻnalish sifatida mustahkamladi.

    3 kun davomida mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan tajribali oshpazlar tomonidan turli taomlar tayyorlandi. Tadbirda mahalliy ustalardan tashqari xorijlik mutaxassislar ham ishtirok etib, mahorat saboqlari oʻtkazdilar.

    Festival ishtirokchilari “Gastronomik turizmni rivojlanishiga qoʻshgan katta hissasi uchun”, “Milliy taomlarni saqlanib qolinishiga qoʻshgan hissasi uchun”, “Mehnatsevarligi va milliy anʼanalarga sodiqligi uchun”, “Eng zoʻr bezatilgan koʻrgazma stendi uchun” va boshqa nominatsiyalar boʻyicha sertifikatlar bilan taqdirlandi.

    Gastronomik bayramni tashkil etishda faol ishtirok etganliklari uchun Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Shveysariya va boshqa davlatlardan kelgan 20 dan ortiq xorijiy mutaxassislarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, shuningdek, Turizm qoʻmitasi va “Navroʻz” bogʻining maʼmuriyatiga maxsus esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

    Mehmonlarga boy madaniy dastur ham taklif etildi. Turli ansambllar oʻzlarining chiqishlarini namoyish etdilar va barcha mehmonlar eng mazali oʻzbek milliy taomlaridan tatib koʻrish imkoniga ega boʻldilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.