Musobaqa davlatimiz rahbarining joriy yil 11-martdagi “Yilqichilik va ot sportini yana-da rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilan vazifalar doirasida tashkil etildi.

Mamlakatda ot sportini hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlarini aholi oʻrtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash, saralab olish (seleksiya) va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida qator ishlar qilinmoqda.

Oʻzbekiston polo federatsiyasining maqsadi yurtimiz polochilarini mazkur sport turi rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida mutaxassislarni tayyorlash, yirik xalqaro musobaqalar, jumladan oʻsmirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari oʻrtasida jahon va qitʼa birinchiliklarini oʻtkazishdan iborat.

Sportning ushbu turi xalqimiz uchun begona emas. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, mazkur ot sport turi bilan temuriylar davrida sevib oʻynalgan. Qadiy milliy sport turlarimizdan biri boʻlgan poloni rivojlantirish yoshlarimizning har tomonlama sogʻlom va milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Xalqaro polo federatsiyasi va boshqa tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyilmoqda.

Birinchi “Tashkent open 2021” xalqaro turnirida 6 jamoa bosh sovrin uchun kurash olib bormoqda. Jamoalar ikki guruhga boʻlingan holda kurashga kirishgan. Oʻz guruhlarida birinchi va ikkinchi oʻrinni olgan jamoalar keyingi bosqichga yoʻl oladi.

Turnir gʻolib va sovrindorlari nomlari ertaga aniqlanadi.