Shu yilning 20-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Saylov jarayonini birgalikda yoritamiz”, deb nomlangan press-tur tashkil etildi. Ushbu tadbir OAV vakillarining saylovni oʻtkazish jarayonlari boʻyicha bilimlarini yanada mustahkamlash va ular orqali saylovchilarga ushbu muhim jarayonning oʻtkazish tartibini yetkazish maqsadida tashkil etildi.

Maʼlumot oʻrnida shuni aytish lozimki, Prezident saylovini oʻtkazish uchun 14 ta saylov okrugi va 10 760 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Okrug saylov komissiyasi aʼzolari umumiy soni 266 nafar boʻlib, Toshkent shahrida 21 nafarni tashkil etadi. Uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining umumiy soni 142 044 nafar boʻlib, poytaxtimizda esa 8 889 nafardir.

Press-tur boʻyicha dastlabki manzil Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi boʻldi. Bu yerda okrug saylov komissiyasi aʼzolari tomonidan saylovni oʻtkazish boʻyicha taqdimot boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, Toshkent shahrida jami 822 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan. Mazkur uchastkalarning 79 tasi poytaxtimizning kasalxonalarida va boshqa statsionar davolash muassasalari hamda harbiy qismlarda joylashgan.

Ovoz berish jarayonini tashkil etishni karantin talablariga amal qilgan holda oʻtkazish maqsadida, barcha saylov uchastkalariga niqob, antiseptik va himoya vositalari yetkazildi.

2021-yil 19-oktyabrga qadar Saylov jarayonini boshqarishning avtomatik tizimi asosida saylovchilar roʻyxati shakllantirildi.

Ushbu tizim saylovchilarning pasport va PNFL raqamlarini kiritish orqali tashkil etiladi.

Joriy yildagi saylovlarda respublikaning boshqa hududidan kelgan talabalar va ishlayotgan fuqarolar Toshkent shahrida ovoz berishi alohida nazoratga olindi.

Poytaxtdagi barcha oliy taʼlim muassasalarining Talabalar turar joylari va ijarada turuvchi 85 738 nafar talabalari oʻzlari yashash joyiga yaqin saylov uchastkalarining roʻxatiga kiritildi.

Shuningdek, Toshkent shahriga kelib ishlayotgan shaxslarning 71 ming nafari ham poytaxtdagi saylov uchastkalarida ovoz berishlari kutilmoqda.

Boʻlajak saylovda ishtirok etadigan imkoniyati cheklangan saylovchilar soni 32 mingdan ortiqni tashkil etib, ularning 5000 dan ortigʻi oʻz uylarida ovoz berishi boʻyicha zarur choralar koʻrildi.

Barcha saylov uchastkalaridagi komissiyalarning faoliyati Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida oʻz ishini qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflik tamoyillariga toʻla amal qilgan holda tashkil etilgan.

Uchastka saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda gender tenglik qoidalariga ham amal qilinib, uchastka saylov komissiyasi raislaridan 445 nafari ayollardan iborat.

Saylov jarayonini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida, barcha uchastka saylov komissiyalarining raislari, oʻrinbosar va kotibligiga nomzodlar uchun uch bosqichda oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi. Har bir saylov uchastkasiga saylov jarayonining huquqiy asoslariga oid turli oʻquv-uslubiy materiallar tarqatildi.

Bugungi kunga qadar saylovchilarni saylov uchastkasi va saylov kuni haqida xabardor etish maqsadida Toshkent shahrida yashovchi har bir saylovchiga taklifnomalar yetkazildi.

Saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchining muddatdan oldin ovoz berish jarayonlarini tashkil etish maqsadida Toshkent shahri boʻyicha 80 mingdan ortiq byulletenlar saylov uchastkalariga yetkazildi.

Ushbu huquqdan foydalangan holda 19-oktyabr soat 20.00 holatiga 23 528 nafar saylovchi muddatdan oldin ovoz berdi.

Hozirgi paytga qadar okrug tomonidan siyosiy partiyalar va oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan 4932 nafar kuzatuvchi roʻyxatga olindi.

Shuningdek, saylovda oʻz nomzodi bilan qatnashayotgan siyosiy partiyalarning 4110 nafar vakolatli vakillari roʻyxatga olindi.

Okrug va uchastka saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishish maqsadida akkreditatsiyadan oʻtgan Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va Inson huquqlari boʻyicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi Parlament assambleyasi kabi tashkilotlarning xalqaro kuzatuvchilari oʻz faoliyatlarini davom ettirmoqda.

Press-tur doirasida OAV vakillari Shayhontohur tumanida joylashagan 362-saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni va pandemiya sharoitida saylovni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy ishlar bilan tanishishdi.

Shahzod GʻAFFOROV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri