Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan markazda oʻqitishning innovatsion shakllari asosida taʼlim sohasidagi samaradorlik va natijadorlikni oshirish, barcha yoshdagi aholi vakillari va davlat xizmatchilari uchun dunyoda tan olingan xalqaro chet tili darajasini aniqlash testlarini topshirish imkoniyati yaratildi.
Tadbir davomida Respublikaning turli viloyat va hududlarida xalq taʼlimi tizimida faoliyat yurituvchi xorijiy til fani oʻqituvchilarining 45 nafari ana shunday imkoniyatga ega boʻldi. Ularga xalqaro tan olingan Linguaskill imtihonini bepul topshirish imkoniyati yaratildi. Imtihonda ishtirok etish maqsadida yurtimizning barcha hududlaridan 3797 nafar pedagog ariza topshirdi. Tasodifiy tanlab olish tizimi random.org orqali ochiq va shaffof tarzda oʻtkazilgan tanlovda tanlab olingan 45 nafar talabgor ilk bor malaka va koʻnikmalarni baholovchi xalqaro Linguaskill testini topshirishga muvaffaq boʻldi.
Maʼlumot oʻrnida: Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi hamda Cambridge hamkorligida Linguaskill testlari Oʻzbekistonda birinchi marta qoʻllanmoqda. Mazkur test ingliz tilini bilish darajasini koʻrsatish uchun tasdiqlangan testlardan biridir. Mamlakatimiz boʻylab xalqaro tan olingan sertifikat taqdim etuvchi va natijalari qisqa muddatda eʼlon qilinuvchi Linguaskill testi topshirilgani toʻgʻrisidagi sertifikat oʻqituvchilarga oylik maoshiga ustama olish, malaka oshirish kurslaridan ozod boʻlish kabi koʻplab imkoniyatlarni taqdim etadi.
Kelgusida yurtimizda ushbu test bilan millionlab oʻquvchini qamrab olish rejalashtirilgan. Linguaskill Cambridge Assessment English tasarrufidagi test boʻlib, u onlayn oʻtkaziladi va gapirish, yozish, oʻqish va tinglash koʻnikmalarini qamrab oladi. U til bilish qobiliyatini tavsiflashning xalqaro standarti boʻlgan Common European Reference Framework (CEFR) natijalarni tekshirish, shuningdek, qisqa vaqt va resurslar bilan oson tayyorlanishga sharoit yaratadi.
Testning alohida koʻnikmalarini qayta va qayta topshirish imkoniyati bor, natijalarni tekshirishda mahalliy tashkilotchilar umuman ishtirok etmaydi. Boshqa testlarga qaraganda natijalar tez chiqadi va bu abituriyentlar uchun juda qulay.
Oʻqishga kirishda ushbu sertifikat — maksimal ball beradigan imtiyozlar qatoriga qoʻshildi.