Poytaxtimizda yangilangan yoʻl oʻtkazgich ishga tushdi

    Urbanizatsiya 22 Dekabr 2020 855

    Toshkent shahrining Ahmad Donish koʻchasidan kichik halqa avtomobil yoʻli, Miskin va Usta Shirin koʻchalari kesishmasidagi avtomobillar uchun moʻljallangan yoʻl oʻtkazgichda kapital taʼmirlash ishlari yakunlanib toʻliq harakat yoʻlga qoʻyildi.

    Ushbu yoʻl oʻtkazgich 2000-yilda qurilgan boʻlib, umumiy uzunligi 912 metr, eni esa 29 metr, konstruksiya qismi 660 metr, yondashish yoʻllarining uzunligi 252 metrni tashkil etadi.

    Yoʻl oʻtkazgichning qatnov qismidagi temir-beton konstruksiyalar, gʻildirak qaytargichlar, bezak plitalari, metall toʻsiq panjaralari, asfalt beton qoplamalari hamda taroqsimon koʻrinishidagi deformatsion choklari yaroqsiz holga kelib qolgandi.

    Yuqoridagilarni inobatga olgan holda mazkur transport yechimini taʼmirlash ishlari 2019-yil oktyabr va noyabr oylarida boshlangandi. 2019-2020-yillardagi qish mavsumida, qurilish ishlari sifatsiz boʻlmasligi uchun taʼmir ishlari toʻxtatilgandi. 2020-yil mart oyidan pandemiya sharoitida karantin choralari kuchaytirilganligi sababli, qurilish ishlarini davom ettirish imkoni boʻlmagandi.

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Koʻprikqurilish” tresti UK tizimidagi “Koʻprikqurilishfoydalanish” UK hamda Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda olib borilgan ushbu yoʻl oʻtkazgichni mukammal taʼmirlash ishlarida, asosan, qatnov qismidagi temir-beton konstruksiyalar almashtirildi hamda ostki fazosidagi konstruksiya qismlari balkalar, rigellar hamda tayanch ustunlari, temir-beton qoplamalarining buzilgan joylari qayta tiklanib, toʻliq boʻyash ishlari amalga oshirildi hamda yoʻl oʻtkazgichning qatnov qismidagi yoʻlni ajratib turuvchi quyma beton bloklar oʻrnatilib, asfalt-beton qoplamasi yotqizildi.

    Shuningdek, zamonaviy koʻrinishga ega, shahar arxitekturasiga va milliy anʼanalarimizga mos keladigan bejirim shaklda yoritgich ustunlari, bezakli metall panjaralar hamda gʻildirak qaytargichlar oʻrnatildi. Ushbu yoʻl oʻtkazgich asosiy qismi quyma beton (monolit)dan tashkil topganligi sababli, tajriba sifatida bitta deformatsion chok taʼmirlandi. Bunda esa, geomembrana polimer materiali hamda yangi texnologiya asosida “RAFO” kompaniyasining mastika mahsulotlaridan foydalanildi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.