Poytaxtimizning 11 ta bozorida bayram savdolari tashkil etilgan

    Mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan joriy yilning 20 avgustidan e'tiboran poytaxtimiz hamda respublikamizning barcha shahar, tuman markazlarida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi mahsulotlarining bayram oldi savdo yarmarkalari faoliyati yo'lga qo'yildi.

    Ushbu arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari Qishloq xo'jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi, hokimliklar, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Asalarichilar uyushmasi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda fermer xo'jaliklari tomonidan tashkillashtirilmoqda. Mamlakatimizdagi dehqon bozorlari hamda aholi zich istiqomat qiladigan mahallalarda tashkil etilgan yarmarkalar 2022 yilning 5 sentyabriga qadar davom etadi. Ish vaqti soat 08:00 dan 20:00 gacha.

    Savdo nuqtalarida sotuvchilar uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, rastalar, sovutkichlar, tarozilar va mahsulotlarni saqlash uchun omborxonalar, to'lov terminallari bilan ta'minlab berilmoqda.

    Oziq-ovqat yarmarkasining formati fermerlar va dehqonlarga o'z mahsulotlarini peshtaxtalarni ijaraga olmagan holda xaridorlarga to'g'ridan-to'g'ri sotish imkoniyatini beradi. Bu qishloq xo'jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini kamaytiradi va xaridorlar uchun yakuniy narxda o'z aksini topishi shubhasiz. To'lovlarni plastik kartalar yordamida amalga oshirish mumkin.

    Poytaxtimiz Toshkent shahridagi asosiy 11 ta Farhod, Askiya, Sergeli, eski Juva, Aviasozlar, Qo'yliq, Yunusobod, Mirobod, Qoraqamish, Navro'z va Chilonzor dehqon bozorlarida meva-sabzavot, poliz, dukkakli, guruch, go'sht va sut mahsulotlari, tuxum, o'simlik yog'i, shakar va turli ichimliklar savdosi tashkil etilgan. Qishloq xo'jaligi vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda maxsus oziq-ovqat yarmarkalarida qishloq xo'jaligi mahsulotlarining sotilishini kunlik monitoring qilmoqda, ularning narx-navosi hamda bozorlarning mahsulotlar bilan ta'minlanganlik darajasini kuzatib bormoqda.

    Har bir alohida bozorda yarmarkalar o'z xususiyatlariga va assortimentiga ega, boisi ular respublikamizning turli viloyatlaridagi dehqonlar tomonidan shakllantirilmoqda.