Poytaxtimzda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi start olishiga oz fursatlar qoldi

    Sport 15 Aprel 2021 2937

    Ertaga poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi seriyalaridan biri start oladi.

    Ushbu musobaqa Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga litsenzion ochko beruvchi 4 bosqichdan biridir.

    Unda qatnashishi rejalashtirilgan davlatlar soni – 33 ta, sportchilar soni taxminan 100 nafarni tashkil etishi kutilyapti. Xalqaro gimnastika federatsiyasining Olimpiya o‘yinlariga ishlab chiqqan saralash tizimiga ko‘ra, yaqin vaqt ichida bo‘lib o‘tadigan 4 ta Jahon kubogi bosqichi yakuni bo‘yicha yakkalik yo‘nalishda Olimpiada yo‘llanmalari o‘ynaladi. Toshkent muntazam ravishda Jahon kubogi bosqichlarini qabul qilib kelgan.

    Tabiiyki, bu yilgi musobaqaning nufuzi avvalgilaridan o‘zgacha. Reglamentga ko‘ra, har bir mamlakat ushbu 4 bosqich uchun yakkalik yo‘nalishida 2 nafar sportchisini ro‘yxatga kiritishi mumkin. Bu borada jamoamiz sharafini yekaterina Fetisova hamda Sabina Tashkenbaeva himoya qilishini aytib o‘tish o‘rinli. Jahon kubogi bosqichlari quyidagi sanalarda bo‘lib o‘tadi:

    1. 26-28 mart, Sofiya (Bolgariya)
      2. 16-18 aprel, Toshkent (O‘zbekiston)
      3. 7-9 may, Boku (Ozarbayjon)
      4. 28-30 may, Pesaro (Italiya)

    Ta’kidlash joiz, 4 bosqich yakunida avvalgi turnirlar orqali litsenziya ololmagan eng yaxshi 3 gimnastikachi (bir davlatga 1 kvota) Tokio-2020 ishtirokchisiga aylanadi. Jahon kubogi reytingi yakunida 2019-yilgi jahon chempionati orqali yo‘llanma olgan va litsenziya olmagan mamlakatning ikkinchi o‘rinda turgan vakillari kuchli uchlik hisobida yuritilmaydi.

    Reglamentga ko‘ra, 16-17-aprel kunlari faqat saralash bahslari, 18-aprelda esa barcha yo‘nalishlarda final bahslari bo‘lib o‘tadi. Tantanali ochilish marosimi ertaga soat 19:30 da musobaqaga mezbonlik qiluvchi poytaxtimizdagi «Universal» gimnastika saroyida bo‘lib o‘tadi.

    Hozirda Sofiyada o‘tgan musobaqa yakuni bo‘yicha Sabina Tashkenbaeva to‘qqizinchi, yekaterina Fetisova 16-pog‘onada turibdi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.