Sogʻliqni saqlash vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tibbiyotni har bir xonadongacha yaqinlashtirish, aholi orasida sogʻlom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish, yurtdoshlarimizning jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan loyihani ishlab chiqdi.
Ushbu ezgu tashabbus Prezidentimizning 2022-yil 25-aprelda qabul qilingan “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan roʻyobga chiqarilmoqda.
“Toshkent tajribasi” loyihasi doirasida Toshkent shahrining 12 ta tumanida 10 800 ta koʻp qavatli uy joylashgan mahallalar hududida 170 ta mahalla tibbiyot punktini barpo etish va 540 ming nafar aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsad qilingan.
— Mazkur loyihaga Yunusobod tumani tajribasi asos qilib olindi, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Anvar Alimov. — Tumanning Sobirobod mahallasida oʻrnatilgan tibbiy konteynerda ish olib borayotgan mahalla tibbiyot punkti faoliyatini koʻrib chiqdik. Aholi bu tashabbusdan minnatdor. Bu “mini-poliklinikada” bitta tibbiy brigada faoliyat olib boryapti.
Barcha zarur dori-darmonlar, kerakli tibbiy buyumlar, jumladan, EKG va kislorod balloni kabi uskunalar bilan jihozlangan, ikkita koykali, soat 8:00dan 20:00 gacha ishlovchi “kunduzgi statsionar” ega “kichik shifoxona”da umumiy amaliyot shifokori va 2 nafar hamshira aholiga mobil tibbiy xizmat koʻrsatadi.
Bunday mahalla tibbiyot punktlari dispanser nazoratida turgan qariyalar, homilador ayollar va bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda umumiy amaliyot shifokoriga katta yengillik beradi.
Hamshiralarga shifokoroldi tibbiy koʻriklar uchun qulaylik yaratadi.
Aholini esa oddiy koʻriklar uchun ham poliklinikaga qatnash ovoragarchiliklaridan xalos qiladi.
Loyiha doirasida yil oxiriga qadar 40 ta konteyner jihozlanib poytaxtdagi 12 ta koʻp tarmoqli poliklinika va 70 ta oilaviy poliklinika ixtiyoriga topshiriladi.
Ular poytaxtning aholi gavjum boʻlgan koʻp qavatli uylari yoniga oʻrnatilishi moʻljallangan. Kelgusi olti oyda esa 170 ta ana shunday mahalla tibbiyot punkti poytaxt aholisiga xizmat koʻrsatadi.
“Toshkent tajribasi” loyihasi bu bilan cheklanmagan. Uning doirasida:
poytaxtdagi 579 ta mahalla fuqarolar yigʻini idoralarida “Salomatlik maktablari” tashkil etish;
sogʻlom turmush tarziga rioya qilgan va bu borada yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni ragʻbatlantirish;
telemeditsina yordamida hamshiralar orqali bemorlarni mutaxassislar bilan bogʻlash maqsadida “onlayn patronaj” xizmatini joriy etish ham koʻzda tutilmoqda.
Poytaxtda pilot tarzida amalga oshiriladigan loyiha olti oydan soʻng, natijalari tahlil qilingan holda, mamlakatimizning boshqa hududlariga tatbiq etiladi.