Dastlabki hisob kitoblarga koʻra, har bir guvohnoma almashtirish punktiga kuniga 55-60 nafardan fuqaro murojaat qilganda – toʻliq qamrov uchun oʻrtacha 4 yil vaqt sarf qilinishi rejalashtirilgan edi. Hozirda esa, bir kunda 500-600 nafar fuqaro murojaat qilmoqda.
Maʼlumot uchun: respublika boʻyicha eski namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan haydovchilar soni – qariyb 5,7 mln. nafarni tashkil etadi. Shunga koʻra, eski haydovchilik guvohnomalarini majburiy almashtirish muddatlari Hukumat tomonidan 2 marotaba (dastlab, 2020-yildan – 2021-yilning oxiriga qadar, keyinchalik 2021-yildan – 2022-yilning soʻngiga qadar) uzaytirilgan.
Qolaversa, haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish hajmini yil davomida bir maromda taqsimlash, ularning yil yakunida almashtirish joylarida toʻplanib qolishlarining oldini olish maqsadida guvohnomalarni almashtirishning yakuniy muddatlari tabaqalashtirildi (masalan, 2010-yilgacha olingan guvohnomalar – 2022-yilning apreliga qadar, 2012-yilgachalari – 2022-yilning iyul oyiga qadar va hokazo). Ushbu muddatlarda almashtirilmagan haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb topilishi belgilandi.
Haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish uchun vakolatli idora Ichki ishlar vazirligining YHXX tuman va tumanlararo boʻlimlari.
Haydovchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida 2018-yilning may oyidan EKSPERIMENTAL tartibda Davlat xizmatlari markazlarida ham “prava” almashtirish xizmati yoʻlga qoʻyildi.
Bunda xizmat uchun nafaqat kelgan holda, balki onlayn shaklda ham murojaat qilish imkoni yaratildi.
Bugungi kunda jami 74 ta punktda xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilib, tegishli moddiy-texnikaviy baza bilan taʼminlangan (qurilmalarning 49 tasi – YHXBB boʻlinmalari, 25 tasi Davlat xizmatlari markazlariga oʻrnatilgan).
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi amaliyotga kiritilgan paytdan boshlab, bugungi kunga qadar 2,6 mln.dan ortiq haydovchilaring guvohnomalari yangisiga almashtirildi.
Davlat xizmatlari agentligi poytaxtda va viloyatlardagi haydovchilarimizga qulaylik yaratish maqsadida “soʻnggi mijozgacha” ish rejimini yoʻlga qoʻydi. Maʼlumot uchun DXMlarda oʻrtacha bir fuqaroga xizmat koʻrsatish uchun 4-5 daqiqa vaqt sarflanmoqda.
Biroq, oʻtkazilgan tahlillar 3,1 mln.dan ortiq fuqarolarimiz tomonidan hujjatlarni almashtirilmay kelinganligini koʻrsatdi.
Muammoni bartaraf etish uchun masʼullar qanday choralar koʻrmoqda?
Birinchidan, haydovchilik guvohnomasini almashtirishning oxirgi muddatlarini mutanosib tarzda – 2023-yilning 31-dekabriga qadar oʻzaytirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanmoqda;
Ikkinchidan, haydovchilik guvohnomalari almashtirilmagan fuqarolar sonidan kelib chiqib, tashrif buyuruvchilarning tahminiy soni va asosli talabini inobatga olib, haydovchilik guvohnomasini almashtirish punktlarini kamida ikki barobarga koʻpaytirish.
Shuningdek, IIV maʼlumotiga koʻra, 2022-yilning 1-aprelidan boshlab haqiqiy emas deb topiladigan haydovchilik guvohnomalari boʻyicha, istisno tariqasida tegishli taʼsir choralari qoʻllanilmaydi.