“Prava” almashtirishda nima uchun navbatlar hosil boʻlyapti?

    Tashvishli xabar 10 Noyabr 2021 2050

    Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazida yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi olish uchun navbat koʻpligi aks etgan video tarqaldi.

    Bu borada DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi quyidagicha izoh beradi:

    Haqiqatdan ham soʻnggi kunlarda Davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun tashrif buyuruvchi fuqarolar oqimi oshgan. Bu esa DXM larda uzun navbatlar hosil boʻlishiga sabab boʻlyapti.

    Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazida bir kunda 150 dan ortiq yangi turdagi “prava” olish uchun arizalar qabul qilinyapti. Bundan tashqari,

    shanba va yakshanba kunlari soat 9:00 dan 15-00 gacha arizalar qabul qilinayotganligi barchaga maʼlum. Dam olish kunlarining oʻzida fuqarolardan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi olish uchun oʻrtacha 200 ga yaqin arizalar olinyapti.

    Bundan tashqari, Fargʻona shahridagi markaz bilan birgalikda Qoʻqon shahri hamda Soʻx tumanida (yaqin kunlarda belgilangan navbatga asosan, Buvayda tumaniga maxsus apparatlar koʻchirib kelinadi) ham fuqarolarga yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarini almashtirib berish ishlari davom etyapti.

    Bunday turnaqator navbatlar yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri – fuqarolar faqatgina qonunan belgilangan muddat tugayotgan soʻngi oylarda “prava” almashtirish uchun davlat xizmatlari markazlariga kelishlarida. Shuning uchun ayni kunlarda fuqarolar oqimi ortgan. Bu esa navbatlar yuzaga kelishiga sabab boʻlyapti.

    Vaholanki, 2017-yil 1-oktyabr — 2018-yil 31-dekabr davrida — eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qatʼi nazar — ular egasining yozma arizasiga koʻra ixtiyoriy ravishda; 2019-yil 1-yanvar — 2021-yil 31-dekabr davrida — eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qatʼi nazar — majburiy tartibda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.

    Qolaversa, DXMlar orqali “prava” almashtirish uchun onlayn ariza yuborish imkoniyati ham yaratilgan, deb xabar beradi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.