Assalomu alaykum, muhtaram gazetxonlar, hurmatli mushtariylar!
Bugun “Pravda Vostoka” gazetasi 108 yoshga toʻldi.
Maʼlumki, yurtimizda bosma nashrlarning tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Jumladan, mamlakatimizda 1906-yil 27-iyunda ilk gazeta nashr etilgan boʻlib, u “Taraqqiy” nomi bilan tanilgan.
“Pravda Vostoka” gazetasi esa 1917-yil 2-apreldan “Nasha gazeta” nomi bilan chop etila boshlangan.
1924-yildan “Pravda Vostoka” deya nomlangan gazeta 1975-yildan buyon har kuni nashr etiladi.
“Pravda Vostoka” gazetasi Oʻzbekistondagi eng keksa ijtimoiy-siyosiy nashr sanaladi.
Bugun gazetaning 30 mingdan ortiq soni — aniqroq aytadigan boʻlsak, 30 641 soni oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi.
Bu esa barcha ommaviy axborot vositalari ichida mutlaq rekord hisoblanadi.
Oʻtgan 108-yillik tarix davomida mazkur gazetada koʻplab fidoyi, oʻz sohasining bilimdonlari mehnat qilgan. Bundan tashqari mushtariylarning doimiy eʼtibori va ehtiromida boʻlib kelgan gazeta yuzlab yoshlarga mahorat maktabi vazifasini ham oʻtagan.
Aytish lozimki, jonajon istiqlolga Oʻzbekistonimiz erishgach, ushbu nashr Vazirlar Mahkamasi muassisligida chop etila boshlangan. Hukumatimizning 2020-yil 3-yanvardagi qarori bilan “Pravda Vostoka” gazetasi tahririyati» “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati» sifatida qayta tashkil etilib, Ikkala gazeta bitta tahririyatga birlashdi.
Gazeta oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda boʻlayotgan voqea-hodisalarni oʻz oʻquvchilariga uzluksiz yetkazib berayotgan nashr boʻlib, bugun media-konvergensiya asosida zamonaviy sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali butun dunyoga axborot tarqatmoqda.
Bugungi kunda tahririyat nashrning ezgu anʼanalarni asrab-avaylash, aholining xolis va ishonchli axborotga boʻlgan ehtiyoji va huquqini taʼminlash borasida izchillik bilan mehnat qilmoqda.
“Pravda Vostoka” bugungi kunda ham koʻplab jurnalistlar, tahlilchilar, yozuvchi va shoirlar, jamoat arboblari va barcha mushtariylar uchun minbar sifatida xizmat qilib kelmoqda. Eʼtiborlisi, “Pravda Vostoka”da ayni paytda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning koʻpchiligini yoshlar tashkil etadi.
Bugun “Pravda Vostoka” gazetasi Oʻzbekiston hamda xorij hayoti va mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni tezkor va izchillik bilan yoritib kelmokda.
Tahririyat bundan keyin ham oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni sidqidildan, fidoyilik bilan bajarishda davom etadi.
Fursatdan foydalanib, “Pravda Vostoka” gazetasining 108-yilligi bayrami bilan barcha mushtariylarimizni, ahil tahririyat jamoasini, ushbu nashrda mehnat qilgan ustoz jurnalistlarni, faxriy hamkasblarimizni samimiy muborakbod etamiz.
Jamoaga kuch-quvvat, yangi ijodiy muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Salim Doniyorov,
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri.