Sizlar koʻtargan dolzarb masalalar, ularni hal qilish boʻyicha berilgan aniq takliflardan koʻrinib turibdiki, tadbirkorlarimizning saviyasi va bilim darajasi keskin oʻsgan, dunyoqarashi oʻzgargan, ish uslubi va innovatsion yondashuvlari bugun mutlaqo boshqacha. Men bundan juda ham mamnun boʻldim.

Bugungi tajribamizdan kelib chiqib, ushbu uchrashuvlarni har yili tashkil etsak, buni yaxshi bir anʼanaga aylantirsak, Sizlarga maʼqulmi? Shu munosabat bilan, bugungi sanani, yaʼni 20-avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb eʼlon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlasak, bu tashabbusga nima deysizlar, – deya taklif bildirdi Prezident.

Tadbirkorlar bu taklifni qoʻllab-quvvatladi. Endi har yili aynan shu kuni Prezidentning biznes vakillari bilan ochiq muloqoti oʻtkaziladi. Bir yillik ishlar natijalari sarhisob qilinib, eng ilgʻor biznes vakillari shu kuni davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi.

– Ishonchim komil, bugundan boshlangan yangi anʼanamiz, tadbirkorlik sohasida yil davomida ishlaydigan samarali tizimga aylanadi. Bunga, Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman va joylarda hokimlar masʼul boʻladi.

Shuningdek, yangi tashkil qilingan Strategik rivojlanish agentligi tadbirkorlar va investorlarni qiynayotgan muammolarni, yuqoridagi idoralar bilan birga tizimlashtiradi va ularni hal etish uchun aniq takliflar ishlab chiqib, Hukumatga va Prezidentga kiritib boradi.

Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar har hafta oʻzlari masʼul boʻlgan hududlarga chiqib, avvaldan eʼlon qilingan grafiklar asosida, tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning muammo va masalalari yechimiga koʻmaklashadi.

Takror va takror aytaman, ishning koʻzini biladigan, odamlarga mehnat qilish va daromad topishga sharoit yaratadigan, vatanparvar hamda fidoyi tadbirkorlarni biz doimo boshimizga koʻtaramiz. Bu Prezident talabi va boshlagan islohotlarimizning asl mazmunidir, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.