Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning vakolatlari belgilandi

    Hukumat 16 Iyul 2025 2927

    “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, tashabbuskorlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Prezident Farmoni bilan Prezident Administratsiyasi tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritildi.

    Farmonga koʻra, prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga Prezident Administratsiyasi tuzilmasida kadrlar, tashkiliy va ekspert masalalarini boshqarish boʻyicha vakolatlar va Prezident Administratsiyasi xodimlarining shtat jadvalini tasdiqlash huquqi berildi.

    Shuningdek, unga prezident maslahatchilari oʻrinbosarlarini, administratsiya tarkibiy boʻlinmalari boshliqlarining oʻrinbosarlarini, komplayens xizmati boshligʻi, kanselyariya mudiri, administratsiya boshqaruv xodimlari (shu jumladan, ilgari prezident farmoni bilan tayinlanganlarni) tayinlash va lavozimidan ozod etish huquqiga ega.

    Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva loyiha boshqaruvi tamoyillari asosida rivojlanish dasturlarini amalga oshirishga mahalliy va xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni, shu jumladan olimlar va tadqiqotchilarni jalb qilish huquqi berildi.

    Bunday hamkorlik toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar orqali rasmiylashtiriladi, moliyalashtirish esa, shu jumladan, AJ faoliyatiga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, unga mehnatga haq toʻlash miqdorlarini mustaqil belgilash, jalb etilgan mutaxassislarga haqni milliy va chet el valyutasida toʻlash huquqi berildi.

    Ikki hafta muddatda Prezident Administratsiyasi boshqaruv xodimlari faoliyatini baholash, ularni attestatsiyadan oʻtkazish, shuningdek, eng malakali va salohiyatli kadrlarni tanlab olishni taʼminlash topshirildi.

    Prezident maslahatchilari va Prezident Administratsiyasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari oʻn kun muddatda oʻz yoʻnalishlari boʻyicha rivojlantirish loyihalari roʻyxatini shakllantirishi va tasdiqlash uchun Prezident Administratsiyasi rahbariga taqdim etishi lozim.

    Kommunikatsiyalar departamenti bir oy muddatda Davlat kommunikatsiyalar strategiyasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun kiritadi.

    Agentlik devoni boshqa tarkibiy boʻlinmalar bilan birgalikda bir oy muddatda ish jarayonlariga zamonaviy raqamli vositalarni, shu jumladan xodimlar faoliyati samaradorligini monitoring qilish, videokonferensiyalar, yigʻilishlar va boshqa tadbirlarni oʻtkazishni joriy etishi lozim.

    Prezident administratsiyasi reglamentiga koʻra, xarajatlarning yillik smetasini, shuningdek, administratsiyaning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarni (xodimlarni mukofotlash va ragʻbatlantirish, moddiy yordam koʻrsatish va boshqalar) tasdiqlash Prezident administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi.