Prezident Administratsiyasida yangi tayinlov amalga oshirildi

    Mamlakatimizda 14 Noyabr 2022 4039

    Prezident farmoyishi bilan Saida Shavkatovna Mirziyoeva Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo'yicha sho''ba mudiri lavozimiga tayinlandi.

    Ushbu sho''ba yangidan tuzilgan bo'lib, Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini o'rganish va axborot siyosati uchun mas'ul o'rinbosari tizimi tarkibiga kiradi.

    Shuningdek, S.Sh.Mirziyoeva ijtimoiy soha, madaniyat va ta'lim sohalaridagi islohotlar ijrosining borishini ham nazorat qiladi.

    Ta'kidlash lozimki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti magistri, iqtisodiyot fanlari nomzodi Saida Mirziyoeva ko'p yillar davomida turli sohalarda, shuningdek, 2019-2020 yillarda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o'rinbosari, 2020 yildan bugungi tayinlovga qadar Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi raisining o'rinbosari lavozimlarini egallagan.

    Uning faoliyati davomida so'z erkinligini ta'minlash, vazirlik va idoralarning ochiqlik siyosati, matbuot xizmatlarini joriy etish, madaniyat sohasini rivojlantirish va gender tenglik masalalari bo'yicha ko'plab loyihalar amalga oshirildi.