Prezident ayrim vazir va hokimlarni tanqid qildi

    Yigʻilishda ayrim vazir va hokimlar bu soha tadbirkorlarini eshitmayotgani, tayyor imkoniyatlardan toʻgʻri foydalana olmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

    Oʻtgan yili charmsanoatda ishlab chiqarish hajmi oʻsib, qariyb 3 trillion soʻmga yetdi. Lekin, shuni yarmi Andijon va Fargʻonaga toʻgʻri keladi.

    Respublikadagi jami terining 40 foizini beradigan Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmning charmsanoatdagi ulushi ularning imkoniyatiga mos emas.

    Mahsulotiga bozor topish, aylanma mablagʻ masalalari sababli ayrim korxonalar oʻtgan yilni zarar bilan yakunlagan. Oʻtgan yili charmsanoat eksportida tayyor mahsulot ulushi atigi 30 foiz boʻlgan.

    Davlatimiz rahbari ikki yil oldin 155 gektar joy ajratilib, charmga ixtisoslashgan 16 ta kichik sanoat zonasi qilinganini qayd etdi.

    Ohangaron va Urgut tumanlarida loyihalar boshlangan boʻlsa-da, Nurafshon shahrida, Uychi, Angor, Qoʻqon, Qoʻshtepa, Oltinkoʻl, Sharof Rashidov tumanlari, Namangan shahri, Shahrixon, Samarqand, Hazorasp, Buxoro, Nukus tumanlari, Qarshi shahrida bu ishlar lozim darajada tashkil etilmagani tanqid qilindi.

    Sohada yangi loyihalar uchun 40 million dollar arzon resurs ajratilgani, xalqaro kredit liniyalaridan 100 million dollar jalb etilganiga qaramay, mutasaddilar bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgani koʻrsatib oʻtildi.