Prezident bandlik muassasalari faoliyati bilan tanishdi

    Hukumat 19 Fevral 2021 5359

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi «Art soft holding» shirkatining ilmiy-amaliy malaka oshirish markazi hamda «Ishga marhamat» mono-markazi faoliyati bilan tanishdi.

    Davlatimiz rahbarining 2020-yil 11-avgustdagi «Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, barcha hududlarda shunday markazlar tashkil etilmoqda.

    «Art soft holding» markazida to‘qimachilik sohasiga ixtisoslashgan. Bu yerda 12 ta ishchi kasblar bo‘yicha yiliga 2 mingdan ziyod mutaxassislar tayyorlanadi.

    Uning yonida joylashgan mono-markazda 9 ta sohaning 27 xil yo‘nalishi bo‘yicha yiliga 3 ming nafardan ziyod aholi o‘qitiladi. Bu yo‘nalishlar mehnat bozori talablarini o‘rganish asosida tashkil etilgan. O‘quv va mashg‘ulot xonalari zarur asbob-anjom, stanok, kompyuter, mulyaj va boshqa amaliyot uskunalari bilan ta’minlangan.

    Muhim tomoni shundaki, markaz davlat-xususiy sheriklik tizimida ishlaydi. Mashg‘ulotlarni amaliyotchi ustalar, tadbirkorlar olib boradi. Davlat sharoit yaratib, ilmiy-ishlab chiqarish jihatidan ta’minlaydi, tadbirkorlar esa o‘zlari o‘qitgan yoshlarni ishga oladi. Ya’ni, bu yerda kasb o‘rgangan yigit-qizlar ishsiz qolmaydi.

    Markazda axborot texnologiyalari va xorijiy tillar ham o‘rgatiladi. Xususan, IT-mutaxassislar onlayn xizmatlar ko‘rsatib, yaxshi daromad topmoqda.

    Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, murabbiylar, kasb o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

    Shavkat Mirziyoyev shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi. Davlatimiz rahbari viloyatga kelishdan asosiy maqsadi, islohotlarni amalga oshirishda qiyinchilik tug‘dirayotgan omillar, Namanganning iqtisodiy salohiyati, ishbilarmon odamlari haqida gapirdi.