Davlatimiz rahbarining shu yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga asos solingan edi. Qarorda universitet uchun zamonaviy oʻquv kampusi bunyod etilishi belgilangan.
Shu maqsadda turkiyalik muhandislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilgan.
Tadbirda ushbu loyihaning asosiy jihatlari, boʻlajak binoda yaratiladigan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Taqdimotda yangi kutubxona loyihasi ham koʻrib chiqildi. Bu maʼnaviyat uyi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida barpo etiladi. Uning tashqi koʻrinishi yurtimizdagi qadimiy obidalarga uygʻun tarzda loyihalashtirilgan. Ulkan kitob fondini saqlash, mutolaa, madaniy hordiq chiqarish, turli tadbirlar oʻtkazish bilan bogʻliq barcha jihatlar inobatga olingan.
Davlatimiz rahbari shu yil 14-may kuni Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markaziga borib, sharoitlarni koʻzdan kechirgan edi. Ushbu markaz uchun yangi bino qurish vazifasi qoʻyilib, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududidan yer ajratildi.
Xorijiy tibbiyot muassasalarining ilgʻor tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqildi.
Yangi bino 10 qavat boʻlib, birinchi qavatda maslahat poliklinikasi va qabul boʻlimi joylashadi. Yuqori qavatlarda 650 statsionar va 100 ambulator oʻringa ega davolash boʻlimlari boʻladi. Shuningdek, bu yerda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti kafedralari, magistratura, ordinatura uchun ham sharoitlar yaratiladi.
Binoning 3 qavatli yerosti qismida radiologiya va nur terapiya boʻlimlari, zamonaviy kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen uskunalari va boshqa zamonaviy diagnostika boʻlimlari joylashtiriladi.
Davlatimiz rahbari qurilishlarni xalqaro standartlar asosida, sifatli amalga oshirish, binolarga xizmat koʻrsatadigan texnik xodimlarni hozirdan tayyorlab borish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.