Bu yerda 9 mingdan ziyod aholi yashaydi. Quyi tizimdagi manzilli ishlar natijasi bu mahallada ham namoyon - tadbirkorlik rivojlanib, ish o‘rinlari ko‘paymoqda. Xususan, ilgari foydalanilmay yotgan maydonda tikuvchilik korxonasi barpo etildi. 30 dan ortiq xotin-qiz o‘z mahallasida ishli bo‘ldi. Yaqinda ish boshlaganiga qaramay, korxona 100 mingta trikotaj mahsulotlari uchun buyurtma olgan.
Davlatimiz rahbari mazkur korxona faoliyati bilan tanishib, ishchilar bilan suhbatlashdi.
- Mahalladagi o‘zgarishlarni, sizning ishli bo‘lganingizni ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bular - xalq ichiga kirib, xalq bilan birga qilayotgan sa’y-harakatlarimizning kichik bir natijasi. Agar hokimlik va tashkilotlar sharoit yaratib berolsa, har bir oila o‘zini eplab ketolsa, maqsadimga erishgan bo‘laman. Shunda katta oilamiz - davlatimiz ham mustahkam bo‘ladi, - dedi Prezident.
Shu yerda viloyatdagi tadbirkor ayollarning hanarmandchilik mahsulotlaridan namunalar namoyish etildi. Ular ishlab chiqarishda va kasanachilik asosida xotin-qizlar bandligini ta’minlayotganini so‘zlab berishdi. Davlatimiz rahbari ularning bu boradagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Rabotiqalmoq mahallasida yana 10 dan ortiq savdo va servis shoxobchalari, Tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish markazi ham bor. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi mukammal ta’mirlangan. Aholining bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishi uchun “Otaxonlar choyxonasi”, kutubxona, sport maydonchasi, hammom va xiyobonlar tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari bu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, shu yerlik Baxtiyor Po‘latov xonadonida mehmon bo‘ldi.