Prezident Chirchiqdagi mahallalarda yurib, aholi bilan suhbatlashdi

    Hukumat 18 Mart 2021 6780

    Prezident Chirchiq shahriga tashrifi chogʻida Iftixor mahallasiga kirib koʻrdi. Koʻp qavatli uylarda yashayotgan odamlar bilan suhbatlashdi.

    - Chirchiq bir paytlar dongʻi ketgan shahar edi. Oxirgi vaqtlarda ancha “charchab” qolgandi. Tegirmon navbati bilan degandek, endi bu yerda ham hamma sharoitlarni yaratamiz. Sanoatni koʻtarish, ish joylari ochish, yoʻlni, issiqlik taʼminotini yaxshilash boʻyicha katta ishlarni boshlayapmiz, - dedi davlat rahbari.

    Shavkat Mirziyoyev hududdagi muammolarni, aholining talab va istaklarini soʻradi. Tadbirkorlik qilmoqchi boʻlgan yigitga yer ajratish boʻyicha shahar hokimiga koʻrsatma berdi. Prezidentni koʻrishni orzu qilib, davlat rahbari oldiga chiqqan bolani bagʻriga bosib suratga tushdi.

    Prezidentimiz shu yerdagi Lola mahallasida ham boʻldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oila xonadoniga kirib, hol-ahvol soʻradi.

    Yoʻl-yoʻlakay mehnat faxriylari bilan samimiy suhbat boʻldi. Ular mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, Chirchiq shahridagi oʻzgarishlardan mamnun ekanini aytib, duolar qildi.