Prezident dengiz portlariga chiqish imkoniyatini beradigan temir yoʻl qurilishi haqida gapirdi

    Hukumat 16 Aprel 2021 3000

    Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyat faollar yigʻilishida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, “Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor” temir yoʻli qurilishi borasida maʼlumot berib oʻtdi.

    «Har qanday iqtisod uchun temir yoʻlning oʻrni juda katta. Agar shu vaqtgacha Xitoy yoki boshqa Osiyo davlatlariga olib chiqadigan temir yoʻl qurganimizda edi, qoʻshimcha bozorlar paydo boʻlardi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz tannarxi 60-70 foizga kamaygan boʻlardi.

    Biz shu vaqtgacha faqat Rossiya va Qozogʻistonga eksport qilib kelmoqdamiz. Mahsulotimizni chiqarish uchun bizda boshqa yoʻl yoʻq. Shunday boʻlgach, yoʻl haqi ham shunga yarasha katta boʻladi. Istagan vaqtlarida mahsulotlarimizni rad etishlari mumkin. Agar bizda boshqa muqobil tanlov boʻlganida edi, Oʻzbekistonning mahsulotlariga munosabat ham boshqacha boʻlar edi. Raqobat oshardi.

    Shu maqsadni amalga oshirish uchun Afgʻoniston orqali temir yoʻl quryapmiz. U bitib, ishga tushsa, Afgʻoniston va Pokiston orqali dengiz portlariga chiqish imkoniyati paydo boʻladi. Loyihani amalga oshirish oson boʻlmayapti, buning uchun xorijdagi hamkorlarimiz bilan muzokaralar olib boryapmiz.

    Pokiston bosh vaziri Imron Xon doʻstimiz bilan yaqin aloqada boʻlib turibmiz. Afgʻoniston orqali temir yoʻl quramiz, ammo uning xavfsizligini kim taʼminlab bera oladi? Faqat Pokiston. Shu sababli Imron Xon bilan bamaslahat ish olib bormoqdamiz. Bu yoʻl qurilishidan biz qatori Afgʻoniston ham, Pokiston ham birdek manfaatdor», — dedi davlatimiz rahbari.