Prezident deputat degan sharafli nomga sazovor boʻlganlarni tabrikladi

    Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq soʻzlamoqda.

    Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda deputat degan sharafli nomga sazovor boʻlganlarni tabrikladi.

    Bu yuksak ishonch ularning boy bilimi va hayotiy tajribasi, el-yurtimiz farovonligi yoʻlida qilayotgan fidoyi mehnatiga nisbatan xalqimizning ulkan hurmat va ehtiromi ifodasi ekani taʼkidlandi.

    Har qanday saylov davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy jarayon. Ayniqsa, jahondagi bugungi keskin va tahlikali vaziyatda bunday umumxalq tadbirlarini oʻtkazish yanada katta masʼuliyat talab etadi. Turli mintaqalarda urush va janjallar, qarama-qarshilik va ziddiyatlar avj olib bormoqda.

    Ana shunday gʻoyat murakkab davrda saylovlarni osoyishtalik sharoitida, emin-erkin oʻtkazganimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikdan dalolat beradi. Prezident barchamiz bu bebaho boyligimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashimiz va mustahkamlashimiz kerakligini qayd etdi.

    Xorijiy tashkilotlar va kuzatuvchilar ham boʻlib oʻtgan saylov jarayonlari xalqaro standartlarga toʻla mos holda oʻtganini eʼtirof etib, ularga yuqori baho bergani taʼkidlandi.