Prezident e'tirofi ko‘nglimizdagi kemtikni to‘ldirdi

    "Dunyodagi barcha onalarning  qalbi bir xil bo‘lsa kerak. Farzandining yutug‘i ham, muvaffaqiyatsizligi ham hech kimni ona qadar ta'sirlantirmaydi". Bu haqiqat boks bo‘yicha yurtimizda birinchi marta xotin-qizlar orasida “jahon chempioni” degan yuksak sharafga muyassar bo‘lgan Nigina O‘ktamovaning onasi – Laylo Saidovaning ko‘nglidan o‘tgan kechinmalar.

    "Qizim — Nigina O‘ktamova joriy yil aprel' oyida Pol'shaning Kel'se shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bir ona sifatida farzandimning xalqaro maydonda mamlakatimiz sharafini himoya qilganidan faxrlandim. U musobaqaga otlanarkan, chempionning onasi bo‘lish menga g‘urur bag‘ishlashini aytdim. Nigina jilmayib, albatta, g‘alaba bilan qaytishga va'da berdi. To xushxabar kelmaguncha, na yeganimda, na ichganimda halovat bo‘ldi. Qizimning zafar quchganini eshitibgina ko‘nglim tog‘ misol ko‘tarildi...

    Yigirma yoshimda sog‘lig‘imda jiddiy muammo paydo bo‘lib, Samarqandda, so‘ng Toshkentda davolandim. Ahvolim o‘nglanavermagach, javob berishdi, qishloqqa qaytdik. Qaynota-qaynonam ham, ota-onam ham taqdirga tan berdi. Mening esa yashagim kelardi. Shu orada yana bir tahlil topshirdik. Tashxis natijasiga ko‘ra, mendagi kasallik boshqa ekan. Zudlik bilan operatsiya qilishdi. Ahvolim o‘nglana boshladi, men hayotga qaytdim. Bu paytda qizlarimiz — So‘g‘diyona 3, Nigina 2 yoshda edi. O‘g‘limiz bo‘lishini orzu qilardik, biroq sog‘lig‘im tufayli boshqa farzand ko‘ra olmadik.

    Qizlarimizning o‘qishiga, tarbiyasiga astoydil e'tibor qaratdik. Ularning ham jismonan, ham aqlan sog‘lom bo‘lishi uchun bor salohiyatimiz, imkoniyatimiz bilan harakat qildik. Tumanimizdagi 11-maktabda karate to‘garagi ochilganini eshitib, qizlarimizni Azimjon ismli murabbiyga topshirdik. Ular mashg‘ulotga ishtiyoq bilan qatnay boshladi. Tuman va viloyat musobaqalarida, tadbirlarda ishtirok etdi. Ikki yil shug‘ullangach, murabbiyi Rossiyaga ketib qoldi. So‘g‘diyonaning sportga ishtiyoqi yo‘qoldi. Nigina esa ko‘nglidagini sezdirmadi.

    Tuman markazidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabida boks bo‘yicha to‘garak borligini eshitib, qizlarimga boks bilan shug‘ullanib ko‘rishini tavsiya qildim. So‘g‘diyona qat'iy rad etdi, Nigina esa aniq javob bermadi. U ko‘nsa, dadasi ko‘nmaydi, dadasi ko‘nsa, Nigina. Shu tariqa bir yilcha sport bilan shug‘ullanmadi. Oxiri majburlab sport maktabiga olib bordim. Murabbiy Akrom Uzoqov mashg‘ulotlari unga ma'qul keldi. Boksga qiziqishi oshdi. Musobaqalarda Niginaga omad kula boshladi. O‘zbekiston, Osiyo chempioni bo‘ldi.

    Ko‘pincha mendan Niginaga qanday sharoit qilib berganimizni so‘rashadi. Men javob berishga tortinaman. Chunki bizda yaratib beradigan sharoitning o‘zi bo‘lmagan. Faqat yo‘nalish berdik, xolos. Men uni mashg‘ulotga olib borib, agar shu yo‘ldan ketsa, bizga o‘xshab umri “qora mehnat”da o‘tmasligiga ishontirdim. Chempion bo‘lmagan taqdirda ham, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lishi mumkin edi. Turmush o‘rtog‘im usta, men uy bekasi. Shunday vaziyatlar bo‘ldiki, biz 3-4 yil avval Niginaning o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga borib-kelishi uchun yo‘lkira ham topib berolmay qoldik. Qizimning shashti so‘ndi. Mashg‘ulotlarga bormayotganidan xavotirlanib, murabbiy Akrom Uzoqov bizni chaqirtirdi. Farzandimizning sportni yarim yo‘lda qoldirib ketmasligini maslahat berdi. Yana bir murabbiyi Azim Xudoyqulov ham yordamini ayamadi. Nigina bilan astoydil ishladi, ustozlari uning ruhini ko‘tardi, ishonch bildirdi.

    Niginaga barcha sharoitni davlatimiz yaratib berdi. Shuning ortidan jahonga chiqyapti, dunyo ko‘ryapti. Ishonamanki, bu uning mahoratini oshiradi, tajriba to‘playdi.

    Yaqinda Prezidentimizning boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga yo‘llagan tabrigini eshitib, dadasi ham, men ham o‘zimizda yo‘q quvondik. Niginaga ajratilgan qimmatbaho sovg‘alar bir tomon, Prezidentimizning e'tirofi bir tomon bo‘ldi. “...yaqinda yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dunyo birinchiligida o‘zbek qizi Nigina O‘ktamova milliy tariximizda birinchi marta xotin-qizlar orasida “jahon chempioni” degan yuksak sharafga muyassar bo‘lganini faxr bilan tilga olamiz”, dedi davlatimiz rahbari o‘z tabrigida.

    Tabrikni bir kunda qayta-qayta eshitayotgan dadasi, “Qizim mingta o‘g‘ilning o‘rnini bosdi”, deganida boshimdan o‘tgan bor qiy inchiliklar esimdan chiqib ketdi. E'tibor ko‘nglimizdagi kemtikni to‘ldirdi. U yildan-bu yilga bir kiyim olishga ham sharoiti bo‘lmagan oddiy oila farzandining bu darajada e'tirof etilishini avval tasavvur ham qilmaganmiz.

    Ishonamanki, Nigina qizim Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlaydi".