Prezident farmoni bilan pilla xarid narxi 25 foizga oshirildi

    Davlatimiz rahbari ipakchilikdagi muammo va imkoniyatlarga toʻxtalib oʻtdi.

    Oxirgi yetti yilda bu sohaga katta eʼtibor berilib, klaster tizimi joriy qilindi. Jumladan, 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urugʻchilik korxonasi tashkil qilindi. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga koʻpaydi.

    Buni hisobiga, pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar oshib, 26 ming tonnaga yetdi, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar koʻpaydi.

    Yigʻilishda sohaga ipak qurtini parvarishlash, kasallikdan saqlash agrotexnikasi va innovatsiyalari kirib kelmagani hisobiga urugʻdan pilla olishda yoʻqotishlar saqlanib qolayotgani taʼkidlandi.

    Shuningdek, dunyoda ipak mahsuloti importini 45 foizi toʻgʻri kelayotgan Yevropa bozoriga chiqish muhimligi qayd etildi.

    Eksportda ipakdan tayyor mahsulot ulushini, jumladan, pillani chuqur qayta ishlab, tayyor ipak mahsulotlari, mato va uy tekstili ishlab chiqaradigan quvvatlarni koʻpaytirish zarur.

    Pillachilik uchun ozuqa bazasi boʻlgan tutzorlarda yangi navli hosildor tut ekishini kengaytirish muhim. Bizdagi 1 million gektarga yaqin paxta maydoniga bir-ikki qatordan tut ekilsa, 50-60 ming tonna ozuqa zaxirasini shakllantirish mumkin.

    Pillani xarid narxi pastligi uchun pillakorlarda manfaatdorlik past.

    Shuning uchun ipakchilikni rivojlantirish boʻyicha kuni kecha imzolangan Prezident farmoni bilan pilla xarid narxi 25 foizga oshirildi.

    Pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi, tutzorlar uchun yer soligʻining 10 foizi toʻlanadi.

    Mutasaddilar va hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilsa boʻladigan 105 ming gektar yer ajratish topshirildi. Bu yerlar lotlarga boʻlinib, auksionda beriladi, auksiondagi yerning boshlangʻich narxi 10 foiz etib belgilanadi.