Farmon bilan mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini oshirishga xizmat qiladigan eng muhim oltita yoʻnalishi belgilab berildi.
Prezident davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalari uchun munosib loyihalarni tanlab olish sifati va shaffofligini oshirish maqsadida sohadagi institutsional oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatladi.
Xususan, Parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi taʼminlanadi, byurokratiyaga chek qoʻyiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Farmonga koʻra, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy etilmoqda:
- har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkazadi;
- davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini BHMning 1 000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi beriladi;
- har yili Hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish boʻyicha dastur qabul qiladi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni ommalashtirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga quyidagi imtiyozlar berilmoqda:
- davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad soligʻi va ijtimoiy soliq stavkalari 3-yil muddatga 50 foizga kamaytirilmoqda;
- 2025-yil 1-yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga kamaytirilmoqda;
- homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga xayriya pulining soliq solinmaydigan miqdori amaldagi 15 mln soʻmdan 34 mln soʻmgacha (BHMning 100 baravari) oshirilmoqda.