Prezident huzurida yig'ilish boshlandi

    Hukumat 25 Sentabr 2023 1842

    Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida temir yo'l sohasida hal qilinishi lozim bo'lgan asosiy masalalar muhokamasi va ularni hal qilish bo'yicha chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan yig'ilish boshlandi.

    So'nggi etti yilda mamlakatimizda sanoat korxonalari soni 2,7 baravarga oshib, 110 mingtaga etgani, 2 mingdan ziyod turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgani, sanoat hajmi 1,5 baravarga oshgani qayd etildi.

    Eksport hajmi 1,6 barobar ko'payib, o'tgan yili 19 milliard dollarga etdi. Bular hisobiga mamlakatimizda yuk aylanmasi 30 foizga oshdi. Ayniqsa, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Samarqand va vodiy viloyatlariga yuk tashish 1,5 baravar ko'paydi.

    Shu bilan birga, halqaro maydondagi vaziyat hisobiga transport-logistika xarajatlari bir necha barobar oshib ketdi.

    O'zbekiston kabi dunyo okeanlariga to'g'ridan-to'g'ri chiqish imkoni yo'q mamlakatlar uchun eng qulay va arzon transport bu – temir yo'l hisoblanadi.

    Lekin, hozir ichki bozorda mahsulotning atigi 5 foizi, eksportda esa 45 foizi temir yo'l orqali tashilmoqda. Ya'ni, temir yo'l kompaniyasi avtomobilda yuk tashish bilan raqobat qila olmayapti.