Prezident ichki ishlar bosh boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi

    Hukumat 12 Fevral 2021 7415

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga tashrif buyurdi.

    Dastlab bosh boshqarmaning axborot multimedia markazi faoliyati bilan tanishildi. Bu markaz eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jixozlangan, jinoyat va hodisalar toʻgʻrisida tezkor xabarlar tayyorlash, brifing va matbuot anjumanlari oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

    Davlatimiz raxbari bunday axborot markazi xar bir boshqarmada boʻlishi kerakligini, tizimdagi oʻzgarishlarni xalqqa yetkazib, aholining ogohligini oshirish zarurligini taʼkidladi.

    - Hozir hamma telefonda, ijtimoiy tarmoqlarda. Odamlarni ichki ishlar boʻlimiga chaqiradigan yoki qogʻozdagi murojaatini kutib oʻtiradigan zamon oʻtib boʻldi. Endi tuman va shahar boshqarmasini mahalla bilan bogʻlaydigan, odamlar bilan onlayn muloqot qiladigan dasturiy mahsulot yaratish kerak. Butun ichki ishlar tizimi axborot texnologiyalari asosida ishlashi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Prezident Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimida foydalanilayotgan maxsus texnika va vositalarni koʻzdan kechirdi.

    Tashrif chogʻida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining shon-sharaf muzeyi ochildi. Davlatimiz rahbari uni kirib koʻrdi.

    Muzeyda tarixning turli davrlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasining shakllanishi va rivojlanishi bosqichlari aks ettirilgan. Boshqarma shaxsiy tarkibining turli yillardagi xizmat kiyimlari, tabel qurollari, uskuna va maxsus vositalaridan namunalar koʻrgazmaga qoʻyilgan.

    Muzeyning alohida boʻlimi ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat burchini ado etish paytida halok boʻlgan xodimlarga bagʻishlangan.

    Shu yerda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash ishlarini bevosita mahallalarda tashkil etish, profilaktika inspektorlarining bu boradagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yangi tizim loyihasi taqdimot qilindi.