Prezident IHT doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini taʼsis etishni taklif etdi

    Hukumat 9 Noyabr 2023 1010

    Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish mavzusiga toʻxtaldi.

    "Biz oʻzaro investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar dasturini ishlab chiqib, Tashkilotimiz Kotibiyatiga taqdim etdik. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va qurilish sohalarida yangi qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsad qilib qoʻyilgan. Bu ezgu yoʻlda Tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdorimiz.

    Tashkilotimiz doirasida hududlararo sanoat koʻrgazmasini tashkil etish va uning dastlabki tadbirini 2024-yilda yurtimizda oʻtkazish taklifini ilgari suramiz", - dedi davlatimiz rahbari.

    Milliy energetika strategiyalarini uygʻunlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshayotgani taʼkidlandi.

    Bu boradagi hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishlarni tizimli asosda olib borish uchun Prezidentimiz IHT doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini taʼsis etishni taklif etdi.